O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida Saudiya Arabistoni bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi, deya yozmoqda Kun.uz.

Bayonnoma 15-noyabr kuni JSTning Jenevadagi bosh shtab-kvartirasida O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqer Almoqbel tomonidan imzolandi.

Shuningdek, marosimda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xodjayev ham ishtirok etgani aytilgan.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining yettinchi yig‘ilishini o‘tkazish uchun barcha fundamental hujjatlar to‘plami tayyorlangan. Yig‘ilish 17-noyabr kuni o‘tkazilishi haqida xabar berilgan. Unda Jamshid Xodjayevning JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda mazkur xalqaro tuzilmaga qo‘shilish jarayonini qayta boshlagan. Mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.