Rossiyaning “Tanuki” (yapon oshxonasi) restoranlari tarmog‘i va Bulldozer Group restoran xoldingi asoschisi Aleksandr Orlov federal qidiruvga berildi, deb xabar qildi “Kommersant’” Rossiya IIV ma’lumotlar bazasiga tayanib.

Qayd etilishicha, u jinoiy modda bo‘yicha qidiruvga berilgan, ammo aynan qaysi modda ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Nashrning yozishicha, restorator Rossiyani 2022-yil boshida tark etgan. 2022-yil iyul oyida u xorijdagi loyihalarini rivojlantirishga e’tibor qaratishini aytgan. O‘sha yilning avgust oyida u o‘zining Rossiyadagi uchta aktividagi 33,3% ulushini sotdi: “Tanuki”, “Tanuki-Krasnodar” va “Tanuki-N.-Novgorod”. Bungacha Aleksandr Orlov Moskvadagi “Takaxuli”, “Xoroshaya devochka”, Lou Lou, Eshak va “Yug” restoranlarini BAA investorlariga sotgan.

Aleksandr Orlov BAA, Gonkong, AQSh, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham restoranlarga egalik qiladi. Uning Toshkentda TOKU (2021-yilda ochilgan), “Tanuki” (2022-yilda ish boshlagan), “Xoroshaya devochka” va TKX (mahalliylashtirilgan “Takaxuli”, har ikkisi 2023-yilda ochilgan) restoranlari faoliyat yuritadi.

2022-yilda Aleksandr Orlov Spot nashriga o‘zining Bulldozer Group restoran xoldingini bo‘lganini ma’lum qilgan. Qozog‘iston va O‘zbekistondagi loyihalar Sun Group kompaniyasiga berilgan.