Bundan 30 yil muqaddam, 1993-yilning 15-noyabr kuni O‘zbekiston milliy valyutasi — “so‘m"ni joriy qilish yo‘lidagi dastlabki jiddiy qadamlardan biri tashlangan edi: respublika hududida 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 qiymatidagi so‘m-kuponlar muomalaga chiqarilgan. “So‘m-kuponli o‘tish davri” yetti yarim oy davom etgan — 1994-yil 1-iyuldan 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 so‘m qiymatidagi o‘zbek milliy valyutasi chiqarilgan.

So‘mlar o‘tgan to‘liqsiz 30 yil davomida bir qator o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Birinchidan, 100 so‘mdan ham katta qiymatli banknotlar paydo bo‘ldi — 1997-yilda 200 so‘mlik, 1999-yilda 500 so‘mlik, 2001-yilda 1000 so‘mlik, 2013-yilda 5000 so‘mlik, 2017-yilda 10 ming va 50 ming so‘mlik, 2019-yilda 100 ming so‘mlik, 2021-yilda 2000 va 20 ming so‘mlik, 2022-yilda esa 200 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqarildi.

Shu bilan birga, 2019-yil 1-iyuldan 1994-yil namunasidagi 50 va 100 so‘mlik, 2020-yil 1-martdan esa 1994-yil namunasidagi 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik, 2020-yil 1-iyuldan esa 1997-yil namunasidagi 200 so‘mlik va 1999-yil namunasidagi 500 so‘mlik muomaladan chiqarildi (ular o‘rniga shu qiymatdagi tanga pullar muomalaga chiqarildi). 2021-yilda 5000, 10 ming, 50 ming va 100 ming so‘mliklarning yangi namunalari chiqarildi.

Aynan oxirgi o‘zgarishlar, yangi banknotlar dizaynidagi shriftlar va ranglar bilan bog‘liq o‘ziga xos yechimlar so‘mlarni biroz boshqotirmaga aylantirdi. “Gazeta.uz” esa ularni test savollariga aylantirdi (ma'lumot uchun, ushbu test savollari dastlab 2022-yil dekabrida rus tilida e’lon qilingan edi).