Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning 15-noyabrdagi farmoyishi bilan 3 ta mashina xarid qilish uchun 1 mlrd 336,5 mln so‘m ajratilmoqda.

Mashinalar viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultonbekov va Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz” so‘roviga javoban aniqlik kiritishicha, mashinalar BYD gibrid turkumidagi avtomobillar sanaladi. Amaldagi xizmat avtotransportlarini almashtirishga ehtiyoj ulardan 5 yildan ortiq foydalanilgani sababli tug‘ilgan.

Pullar viloyat mahalliy budjetining 2023-yil 3-chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi qaroriga muvofiq,

  • viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1500 baravari (495 mln so‘m)dan;
  • tuman va shahar hokimlariniki — BHMning 1000 baravari (330 mln so‘m)dan oshmasligi kerak.

Avgust oyida Toshkent viloyati hokimligi yangi qimmatbaho avtomobil xarid qilgani haqida xabar tarqalgach, hokimlik matbuot xizmati buni rad etib, “yaqin orada yangi avtomobil xarid qilish ham rejalashtirilmagan”ini bildirgandi.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev bu lavozimni avgust oyida egallagan, Otabek Sultonbekov 2022-yil sentabridan buyon hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelmoqda. Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov esa hududga 2010-yildan beri rahbarlik qiladi.