Iqtisodiyot va moliya vazirligi xususiy sektorda ishlayotgan ayollar uchun homiladorlik va va tug‘ish nafaqalari hajmini uch barobarga qisqartirish bo‘yicha rejalarga izoh berdi.

Eslatma: Gaz “dekret puli” miqdori emas, balki budjetdan yo‘naltirilayotgan mablag‘ qisqarayotgani haqida ketmoqda.

2023-yilgi davlat budjetida xususiy sektorda ishlayotgan 130 ming nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 300,7 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgandi. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 100 mlrd so‘mgacha kamaymoqda.

2023-yilning 9 oyida xususiy sektorda ishlovchi 12 ming nafar belgilangan mezonlarga mos bo‘lgan ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlangan va 24,6 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Joriy yil 9 oylik tendensiyadan kelib chiqqan holda 2023-yil yakuniga qadar xususiy sektorda ishlovchi 19 mingdan ortiq ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.

“2024-yilgi budjet loyihasini tayyorlashda 2023-yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan bo‘lib, keyingi yilda xususiy sektorda ishlovchi 40 mingdan ortiq (2023-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p) ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun 100 mlrd so‘m ko‘zda tutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini davlat tomonidan to‘lash 2022-yil 1-sentabrdan boshlangan. To‘lov summasi minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdorida (2,27 mln so‘m) belgilangan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, nafaqalar “proaktiv” shaklda, ya’ni fuqarolarning so‘rovlarisiz tayinlanadi. Buning uchun ayol xususiy sektorda kamida olti oy rasman ishlagan bo‘lishi kerak. Ish haqi belgilangan tartibda to‘lanishi kerak, ya’ni ish haqi shaklida daromadlar to‘g‘risida hisobot soliq organlariga taqdim etilishi zarur.

Mazkur nafaqa Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot” axborot tizimiga tibbiy muassasaning IT hamshirasi tomonidan homilador ayolning ma’lumotlari (mehnatga layoqatsizlik varaqasi) kiritilganidan so‘ng elektron ma’lumotlar asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tayinlanadi.

Bunda axborot tizimi ayolning ish stajini “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali, mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarini Soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi orqali avtomatik ravishda aniqlaydi.

Agar nafaqa oluvchi nomiga ochilgan faol holatdagi (oxirgi tranzaksiya so‘nggi 60 kun ichida amalga oshirilgan bo‘lishi kerak) bank plastik kartasi bo‘lsa, pul u yerga mehnatga layoqatsizlik guvohnomasi berilgan oydan keyingi oyning 10-kunigacha o‘tkazib beriladi.