Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining (MXQ) sobiq raisi Karim Masimovga nisbatan ikkita yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda, deya xabar qildi Tengrinews MXQ matbuot xizmatiga tayanib.

MXQning ma’lum qilishicha, maxsus xizmatning sobiq rahbari o‘ta yirik miqdorda pora olish va jinoiy yo‘l bilan topilgan pul va mol-mulklarni legallashtirishda gumonlanmoqda.

Yangi tergov boshlangani munosabati bilan Masimov koloniyadan Ostonadagi MXQ tergov izolyatoriga olib ketildi, deyiladi xabarda.

2016-yildan buyon MXQni boshqargan Karim Masimov 2022-yil yanvarida Qozog‘istonni qamrab olgan tartibsizliklardan so‘ng darhol hibsga olingan edi.

Shu yilning aprel oyida Ostona sudi Masimovni davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblab, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Uning sobiq o‘rinbosarlari Anuar Sadikulov, Daulet Yergojin va Marat Osipov ham aybdor deb topildi. Ular 3 yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.