Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida 11-noyabr, shanba kuni Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda qo‘shma sammiti o‘tkazildi. Unda G‘azodagi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatish talab qilindi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va bosh vazir Muhammad bin Salmon al Saud “harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinch aholiga yordam ko‘rsatish uchun gumanitar yo‘laklar ajratish va xalqaro gumanitar tashkilotlarga o‘z vazifalarini bajarishga imkon berish talablarini” ta’kidlab o‘tdi.

“Biz gumanitar falokatga duch keldik, bu [BMT — tahr.] Xavfsizlik kengashi va xalqaro hamjamiyat Isroilning xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzishiga chek qo‘yishga qodir emasligini isbotlaydi”, — dedi u Arab-islom sammiti ishtirokchilariga.

абдuлла арипов, arab-islom sammiti, фalастин-исроил можароси, ғазо sektori

U, shuningdek, garovga olinganlar va mahbuslarni ozod qilish, begunoh odamlarni himoya qilish, G‘azodagi noxush vaziyatni bartaraf etish uchun sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga chaqirdi.

Uning ta’kidlashicha, mintaqada xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikka erishish uchun Falastin xalqiga o‘z qonuniy huquqlarini qo‘lga kiritish va 1967-yilgi chegaralar asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat qurish imkonini berish kerak.

“Sinxua”“Sinxua”

O‘z navbatida, Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Hissayn Brahim Tahaning aytishicha, sammit falastinliklarni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlash va Falastin masalasini birgalikda himoya qilish majburiyatini tasdiqlaydi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham nutq so‘zlab, tashkilotning mazkur tadbir alohida ramziy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“Bu bizni bog‘lab turgan muqaddas qadriyatlar naqadar kuchli ekanining va biz mushkul damlarda bir-birimizga mustahkam tayanch bo‘la olishimizning yaqqol tasdig‘idir”, — dedi bosh vazir.

“G‘azo sektoridagi misli ko‘rilmagan halokat hammamizning qalbimizga cheksiz qayg‘u va iztirob solmoqda… Vayronagarchilik va halokat ko‘lami bo‘yicha bugungi nizo misli ko‘rilmagan bo‘lib, Yaqin Sharq mojarosining yaqin 50 yillik tarixida ilk bor kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, bu inqirozning oxiri ko‘rinmayapti. Biz Falastin diyorida yuz berayotgan mojaroga jim qarab turolmaymiz. Bu borada O‘zbekiston tegishli diplomatik choralarni amalga oshirmoqda”, dedi Aripov.

абдuлла арипов, arab-islom sammiti, фalастин-исроил можароси, ғазо sektori

U O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun 1,5 mln dollar ajratgani, BMT Bosh assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga 120 ta davlat qatorida O‘zbekiston ham yoqlab ovoz bergani, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Isroil-Falastin mojarosiga to‘xtalib o‘tilgani, O‘zbekistonda o‘tgan IHT sammitida ham Shavkat Mirziyoyev urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora real tus olayotgani haqida gapirganini so‘zining dalili sifatida keltirdi.

“G‘azodagi qonli to‘qnashuvlar oqibatida ko‘rilgan insoniy yo‘qotishlar o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Biz go‘daklarning o‘ldirilishini qabul qilib bo‘lmaydigan nohaqlik deb bilamiz”, — dedi O‘zbekiston hukumati rahbari.

U O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birga ekanini yana bir bor qat’iy bildirishini qayd etdi. “O‘zbekiston Falastinning BMT, IHTning muqaddam qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etish huquqini qo‘llab quvvatlaydi…”, — dedi u.

Bosh vazir nutqi so‘ngida a’zo davlatlarni muqaddas Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa tabarruk maskanlarning daxlsizligini ta’minlash uchun o‘z imkoniyatlarini safarbar etishga chaqirdi.

“Zo‘ravonlik yana davom etaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvga yangi kuchlar tortilishiga sabab bo‘lishi muqarrar. Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin”, — dedi Abdulla Aripov.

U, shuningdek, O‘zbekiston IHTning mazkur mojaroni hal etishda amalga oshiradigan ishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

Hamma arab davlatlari ham Isroil bilan diplomatik munosabatlarni uzishga tayyor emas

Eron prezidenti Raisiy HAMAS guruhining harakatlarini olqishladi hamda islom davlatlarini Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Raisiyning Saudiya Arabistoniga tashrifi Eron rahbarining 10 yildan ortiq vaqt ichida qirollikka qilgan ilk safari bo‘ldi.

абдuлла арипов, arab-islom sammiti, фalастин-исроил можароси, ғазо sektori

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ta’kidlashicha, uning mamlakati “isroillik garovga olinganlarni ozod qilishda vositachilik qilishga” intiladi va “yaqin kelajakda gumanitar sulhga erishiladi”, degan umidda.

Jazoir boshchiligida ba’zi davlatlar Isroil bilan diplomatik munosabatlarni to‘liq uzishga chaqirar ekan, arab tashqi ishlar vazirlari ikkiga bo‘lindi, deb xabar qildi Deutsche Welle nashri Reuters`ga tayanib. Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan boshqa arab davlatlari bunga qarshi chiqarkan, Binyamin Netanyaxu hukumati bilan aloqalarni saqlash zarurligini ta’kidladi.

Erdog‘an xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirdi

Turkiya prezidenti Erdog‘on “Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroga yakuniy yechim” topish uchun xalqaro tinchlik konferensiyasini o‘tkazish zarurligini bildirdi.

“Xalqaro tinchlik konferensiyasi eng munosib yechimni taqdim etishiga ishonamiz. Biz bu kontekstda o‘rnatiladigan tinchlikni saqlab qolish uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga, jumladan, kafil sifatida ham tayyormiz”, — dedi u.

ReutersReuters

“Isroil G‘azodagi go‘daklar, bolalar va ayollardan o‘ch olmoqda. G‘azoda zudlik bilan zarur bo‘lgan narsa bir necha soatlik pauza emas. Aksincha, u yerda o‘t ochish to‘xtatilishi kerak”, — dedi u.