Toshkentda bir kunda yo‘lovchi avtobusi bilan bog‘liq ikkinchi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avvalroq “Gazeta.uz” Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasi Ashxobod bog‘i chorrahasida MAN rusumli 21-sonli avtobus yo‘l qatnov qismining chap bo‘lagida to‘xtab turgan Nexia-1 avtomobilning orqa qismiga borib urilgani haqida yozgan edi.

“Toshshahartransxizmat”ning xabar qilishicha, avtobus yo‘l qatnov qismining chap bo‘lagida hech qanday avariya holatini anglatuvchi belgilarini qo‘ymasdan va avariya chiroqlarini yoqmasdan to‘xtab turgan yengil avtomobilga borib urilgan.

Avtomobil haydovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

йтҳ, yo‘lovchi avtobusi

Shu kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasida “Buyuk Ipak yo‘li — Chingeldi” metro yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 151-sonli yo‘lovchi avtobusi Equinox rusumli avtomashina bilan to‘qnashib ketdi.

“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatining “Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra javob berishicha, krossover qayrilib olmoqchi bo‘lgan avtobusning old qismiga kelib urilgan.

Hozirda Toshkent shahar YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.