10-noyabr kuni soat 8:00 da poytaxtning Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida MAN avtobusi va Nexia-1 avtomobillari ishtirokida YTH ro‘y berdi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar bermoqda.

Maxtumquli ko‘chasi Ashxobod bog‘i chorrahasida 21-sonli avtobus yo‘l qatnov qismining chap bo‘lagida to‘xtab turgan yengil avtomobilning orqa qismiga borib urilgan. Qayd etilishicha, bu holatda Nexia hech qanday avariya holatini anglatuvchi belgilarini qo‘ymasdan va avariya chiroqlarini yoqmasdan turgan.

Hodisa oqibatida Nexia haydovchisi yengil jarohat olgan. Ikkala transport vositasiga ham texnik shikast yetgan.