Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov o‘qituvchilarga ajratilayotgan budjet mablag‘lari o‘z samarasini ko‘rsatmayotganini ta’qidladi. U bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida aytib o‘tdi.

Deputat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining joriy xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘ning 80 foizga yaqini, ya’ni 35 trillion so‘mga yaqin mablag‘ faqatgina o‘qituvchilarning oylik maoshiga yo‘naltirilayotgani haqida gapirarkan, berilayotgan mablag‘ning natijadorligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Biz o‘qituvchilarga yuqori oylik to‘lash haqidagi fikrni jamiyatga ilgari surdik. Haqiqatan ham shunday bo‘lishi kerak. O‘qituvchi yuqori maosh olishi kerak. Chunki o‘qituvchi kelajakni yaratadi. Biz o‘zimiz tomonimizdan pedagoglarning maqomi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildik. Uni maqom va qonuniy himoyalari nuqtai nazaridan ishlayapmiz. Lekin mablag‘ kamaymayapti, ko‘paygandan ko‘payyapti. Nima uchun o‘qituvchilarga yaratilayotgan shu sharoit bizga yangi kelajak umidlarini uyg‘otib berolmayapti?”, — deya savol qo‘ydi u.

“Afsus bilan aytish kerak, qilayotgan mablag‘larimiz, investitsiyalarimiz o‘z samarasini, natijasini ko‘rsatmayapti. Biz ko‘p pul so‘rayotganimiz yo‘q, pulni oshiringlar yoki ko‘paytiringlar, deb so‘rayotganimiz ham yo‘q. Berilayotgan mablag‘ning natijadorligi haqida gapiryapmiz”, — dedi Alisher Qodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarda 10−15 foiz atrofida ortiqchalik bor, ya’ni maktabda zarurat bo‘lmagan o‘qituvchilar ham ishlayapti.

“Biz hali sifat haqida gapirayotganimiz yo‘q. O‘qituvchi bugungi o‘quvchiga kutilayotgan bilimni berolmayotgani sabablari juda ko‘p. Bu yerda o‘qituvchini ayblash eng oson yo‘l. Lekin bolalar shakllanishi juda tezlashib ketdi. O‘qituvchi konspekt tayyorlab, 1−2 kun tayyorlagan ma’lumotni o‘quvchi 5 soniyada uni internet orqali olib qo‘yyapti, zamon shunchalar tezlashdi. Endi o‘qituvchi zamonga moslashishi kerak, zamonaviy bo‘lishi kerak. Pedagogika sohasi, uning metodolgiya o‘zgarishi kerak”, — deya ta’kidladi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari.

Alisher Qodirov ta’lim-tarbiyadagi islohotlarda kiritilayotgan investitsiyalarning samaradorligi haqida vazirlik juda jiddiy bosh qotirishi kerakligini qo‘shimcha qildi. O‘qituvchilarni malakasini oshirish, ularga yuqori ish haqi berish bilan birgalikda ularning bugungi kundagi zamonaviy talablarda ishini to‘g‘ri baholash tizimni yarata olish kerakligini qayd etdi.

“Buni inson faktorini aralashtirmasdan qilamiz, degan gapga vazir o‘rinbosari „qiyin masala“ deb aytdilar. Nima uchun? Butun bitta kamera orqali bitta o‘qituvchi faoliyatiga baho berish qiyin emas. O‘qituvchi 45 daqiqa davomida bolalarga nima berdi? To‘g‘ri ta’lim berdimi yoki noto‘g‘ri berdimi, samarali dars o‘tdimi yoki aksincha, deb baho berish qiyin emas”, — dedi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2021-yil 10-noyabrdagi inauguratsiya marosimidagi nutqida o‘qituvchilar va shifokorlar oylik maoshini belgilash masalasiga to‘xtalib o‘tgandi. 2023-yil 28-avgust kuni maktab ta’limi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida esa O‘zbekistonda 10 mln so‘mdan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar soni ming nafardan oshganini ma’lum qilgandi.

“Gazeta.uz” co‘nggi besh yil ichida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 2,5 barobar oshgani, biroq mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan farq 16,8 foizdan 26,5 foizgacha ko‘tarilgani haqida yozgandi.