Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida gaz porshenli elektr stansiyasini quradi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.

9-noyabr kuni vazir Laziz Kudratov va Aksa Enerji boshqaruvi raisi Jemil Kazanchi o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, Aksa Enerji davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Nishon tumanida quvvati 400MVt gaz porshenli elektr stansiyasini qurish uchun 250 million dollar sarmoya kiritadi. Kompaniya 25 yil — loyihani amalga oshirishning butun davri davomida elektr stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ishlatish bilan shug‘ullanadi.

Qurilish ishlari 2023-yilning dekabrida boshlanishi kutilyapti, 2024-yil oxirida elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Turkiya kompaniyasining tashrifi doirasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Aksa Enerji o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish shartnomasi ham imzolandi va bu bilan O‘zbekiston tomoni turkiyalik investordan 25 yilga kafolatlangan elektr energiyasini sotib olishni amalga oshiradi.

Turkiya kompaniyasi tomonidan 2022-yilning yanvarida Buxoro viloyatida quvvati 270 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi, 14-yanvarda esa Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirilgan.

Aksa Enerji 1960-yilda tashkil etilgan Kazanci Holding tarkibiga kiradi. Xolding nafaqat energetika, balki qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ham loyihalar ishlab chiqadi. Kompaniya, shuningdek, qator mamlakatlarda: Turkiya, Gana, Madagaskar, Mali va Kongoda ham elektr stansiyalarini qurmoqda.