Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va hosildorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari dunyodagi bugungi ziddiyatlar, savdodagi cheklovlar iqtisodiyotda o‘z aksini topmay qolmagani, bu omillar oziq-ovqat va to‘qimachilik eksportiga salbiy ta’sir qilganini ta’kidladi.

“Vaziyatni jilovlash uchun yagona yo‘limiz — bu qishloq xo‘jaligida hosildorlikni keskin oshirish hisobiga tannarxni kamaytirish, chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga ko‘proq investitsiya jalb qilish orqali eksportni ko‘paytirish”, — dedi u.

Buning uchun qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy kompleksning barcha tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashning yangicha yondashuvini joriy etish zarur.

Davlat rahbari bog‘dorchilikda 16 ming gektar bog‘ va 10 ming gektar tokzorning hosildorligi pastligini qayd etdi. Bu ularda gektaridan kamida 3−5 ming dollardan, yiliga o‘rtacha 100 million dollar daromad yo‘qotilayapti, degani.

Shu bois endi har bir tumanda hokim boshchiligida qishloq xo‘jaligi, soliq va statistika xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, bog‘ va tokzorlar yiliga kamida bir marta xatlovdan o‘tkaziladi. Ular samarasiz deb topilsa, yer solig‘idan berilgan imtiyoz bekor qilinadi va soliq to‘liq undirib olinadi.

2024-yildan boshlab bog‘ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab, tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy qilinadi.

Bundan tashqari, bog‘lardagi qator oralarida va tomorqalarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish vazifalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

шавкат мирзиёев, qishloq xo‘jaligi

Bugungi kunda parrandachilikda yiliga 690 ming tonna go‘sht va 8,7 milliard dona tuxum yetishtiriladi. So‘nggi oylarda bu mahsulotlar narxi sezilarli oshdi. Ozuqa muammosi mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun 8 ta yirik don ombori tashkil etilishi aytildi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda birinchi tartibli parranda naslining ota-onalik liniyasi yo‘q, shu sababli yiliga 3 million bosh jo‘ja import qilinmoqda. Bu nasl o‘zimizda bo‘lsa, ishlab chiqarishni 3 barobar oshirish, go‘sht tannarxini 10 foizga kamaytirish mumkin. Eng muhimi, yiliga 50 million dollarlik inkubatsion tuxum va naslli jo‘jalar eksport qilish imkoni paydo bo‘ladi. Shu borada AQSh kompaniyalari bilan kelishuvga erishish vazifasi qo‘yildi, deyiladi xabarda.

Prezident 25 ta tumanda chorva klasterlari tashkil etish, sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, baliq yetishtirishni ko‘paytirish, Cloveniya tajribasi asosida hovuzlar barpo etish masalalarini ham aytib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablag‘lar to‘liq yo‘naltirilmayotganini ta’kidladi. Mablag‘lar 20−25 yilga jalb qilingan bo‘lsa-da, banklar tomonidan tadbirkorlarga 5−7 yilga ajratilmoqda. Kredit berish uchun loyihalarni ko‘rib chiqish muddati bir yilgacha cho‘zilmoqda. Mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlari cheklangani sababli tadbirkorlarda qiziqish kam.

Shu bois bu resurslarni banklar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham jozibador shartlarda ajratish kerakligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi loyihalariga beriladigan kreditlar muddati 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yilgacha uzaytirilishi, ular 2 oygacha muddatda ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari, budjet va banklar ajratayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha ichki audit xizmatini tashkil qilish topshirildi.

Prezident budjetga tushumlarni ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratdi. Bu borada ayrim tuman va shaharlarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani, daromadlar hajmi ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kuz-qish mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlanib, hududlarga tabiiy gaz yetkazib berish va hisobini yuritish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

O‘sha yig‘ilishda fermerlarga faoliyatida qisman erkinlik berilishi ma’lum bo‘ldi. Prezident fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan shartnoma tuzish va ortiqcha hosilni birja orqali sotish huquqiga ega bo‘lishini aytdi.

O‘zbekistonning ball boniteti past, suv og‘ir bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70−80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi. Ayrim to‘qimachilik korxonalariga imtiyozlar beriladi.