Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda AQSh davlat departamenti e’lon qilgan qo‘shma bayonotda so‘z boradi.

7-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu boshchiligida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik, gumanitar va madaniy sohalarda o‘sib borayotgan sheriklikni muhokama qildi. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Vazir o‘rinbosari yig‘ilishda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi dinamikasi, shuningdek, 2023-yilda strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida ikki tomon tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli ishlarni alohida qayd etdi. Davlat kotibi yordamchisi Lu sentabr oyida Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “C5+1” sammitida Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.

Delegatsiyalar yaqin siyosiy-diplomatik hamkorlikni, jumladan, yuqori darajadagi ikki tomonlama almashinuvlar hamda xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish muhimligi va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Tomonlar Afg‘onistondagi gumanitar sa’y-harakatlarni davom ettirish va “C5+1” diplomatik formati orqali konstruktiv hamkorlikni kengaytirish kabi mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Delegatsiyalar savdo va investitsiyalarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni davom ettirish, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni ilgari surish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini yaxshilash va iqlim inqirozini birgalikda hal qilish istagini bildirdi. AQSh tomoni O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan ishlarni olqishladi.

Vazir o‘rinbosari O‘zbekistonning inson huquqlari, jumladan, din va e’tiqod erkinligiga hurmat ko‘rsatish, odam savdosi va korrupsiyaga qarshi kurashish, gender zo‘ravonliklarining oldini olish kabi sohalar orqali demokratik islohotlarni davom ettirish tarafdori ekanini alohida ta’kidladi. Davlat kotibi yordamchisi Lu ushbu islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun AQSh yordami kengayib borayotganini qayd etdi.

Delegatsiyalar mudofaa, huquq-tartibot idoralari, chegara va bojxona organlari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish orqali xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini bildirdi. Shuningdek, ikkala tomon ham madaniyat, ta’limga oid tashabbuslar va ingliz tilini o‘rganish dasturlarini davom ettirish muhimligini, shuningdek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

AQSh va O‘zbekiston qadimiy san’at, artefaktlar va madaniy obyektlarning talon-toroj qilinishi va noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda diplomatik aloqalarimizni mustahkamlovchi ikki tomonlama madaniy mulk to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bitim ikki davlatni qadimiy yodgorliklar, tarixiy va madaniy ashyolarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish majburiyatini oladi hamda O‘zbekistondan noqonuniy yo‘llar bilan olingan yoki olib chiqilishi mumkin bo‘lgan hujjatsiz ashyolar AQSh chegaralarini kesib o‘tmasligini ta’minlaydi, deyiladi departament xabarida.

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik bo‘yicha navbatdagi muloqot 2024-yilda Vashingtonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.