O‘zbekiston Markaziy banki jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan va bozor ishtirokchilarida savollar tug‘dirgan valyuta nazorati tartibiga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi bo‘yicha tushuntirish berdi.

Eslatib o‘tamiz, regulyator yuridik shaxslar, norezidentlar va xorijiy investorlar tomonidan xorijiy valyutani sotib olish shartlarini o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Xususan, valyutani sotib olish uchun ariza berishda talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirilishi, norezidentlardan milliy valyutadagi mablag‘larning kelib chiqishi qonuniyligini va boshqalar talab etila boshlashi mumkin.

“Gazeta.uz” ekspert va importyordan bu bo‘yicha izoh oldi, material Markaziy bank tushuntirishi e’lon qilinishidan avval tayyorlangan.

Ekspert

Moliyachi Otabek Bakirov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida, agar Markaziy bank taklif etilayotgan o‘zgartirishlarni muhim va zarur deb hisoblasa, ularni valyuta operatsiyalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi qoidalarga emas, balki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat bilan bog‘liq qoidalarga kiritish kerakligini ta’kidladi.

“Ilgari Markaziy bank o‘zgarishlarni asosan valyuta risklari, komplaens-nazorat bilan asoslagan. Mening birinchi talabim shuki, bu Markaziy bank, prokuratura va Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan legallashtirish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarida, yoki yaxshirog‘i, daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunning o‘zida aks ettirilishi kerak. Markaziy bank oson yo‘lni tanlagani uchun bunday qilmagan bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman, chunki mazkur holatda bu o‘zgarishlar yuzasidan prokuratura va soliq idoralari bilan kelishish zarur bo‘lardi. Shu sababli o‘zgartirishlarni ular o‘zlari ishlab chiqqan qoidaga kiritish taklif qilinmoqda”, — dedi u.

Ekspert o‘zgartirishlar bankda operatsiya bo‘yicha shubha tug‘ilsa arizani qaytarib yuborishni nazarda tutadi deb hisoblamoqda.

“Aytaylik, mijoz chet el valyutasini sotib olish uchun ariza beradi, lekin bankda uning import shartnomasi yuzasidan shubha bor. Markaziy bank taklif etayotgan o‘zgartirishlarga bo‘yicha bank arizani qaytarib yuborishi kerak bo‘ladi. Ushbu o‘zgartirishlar legalizatsiya qoidalariga kiritilgan taqdirda esa, bank arizani qaytarib yubora olmaydi. Bank operatsiyani tasdiqlaydi, biroq operatsiyani shubhali deb belgilaydi va bu haqda Bosh prokuratura Departamentiga xabar beradi. Bularning orasida juda katta farq bor”, — deydi moliyachi.

“Masalan, mijoz konvertatsiya orqali Kipr va Italiyadagi kompaniyadan uskuna sotib oladi, biroq operatsiyadan ko‘rinib turibdiki, uskuna aslida Rossiyadagi qandaydir afillangan kompaniyaga uchun. Bunday holda, bank baribir valyuta sotib olishni tasdiqlashi kerak, ammo operatsiyani shubhali deb topishi va bu haqda Bosh prokuraturaga xabar berishi kerak. Keyin esa prokuratura borib mijozdan xaridning maqsadi to‘g‘risida so‘rashi kerak”, — dedi Otabek Bakirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda banklar shundoq ham “xavfsizlik nuqtai-nazaridan” asoslovchi hujjatlar, jumladan, shartnomalar, bitimlar, invoyslar, kreditlar bo‘yicha to‘lash grafigi va boshqa ma’lumotlarni talab qilmoqda.

Banklarning bosh ofislarida arizalarni ko‘rib chiqish masalasiga kelsak, moliyachining ta’kidlashicha, shundoq ham hozirda arizalarning qariyb 90 foizi Toshkent shahrida tasdiqlanmoqda. Bundan tashqari, arizalarni masofadan yuborish imkoniyatini to‘liq o‘rnatmagan banklar ushbu xizmatni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Importyor

Dori-darmonlarni import qiluvchi mahalliy farmatsevtika kompaniyasi rahbari, shaxsini oshkor etmaslik sharti bilan, 2017-yilda valyuta bozori liberallashtirilganidan so‘ng yaqin-yaqingacha valyuta konvertatsiyasiga ariza berib, hech qachon rad javobini olmaganini aytdi.

U yangi tuzatishlar kiritilgandan so‘ng, banklar “xorijiy valyutaga bo‘lgan talabni sun’iy ravishda kamaytirish” uchun O‘zbekistonga valyuta oqimining kamayishi, savdo defitsitining oshishi (import eksportdan sezilarli darajada oshishi) va so‘mning qadrsizlanishi fonida turli sabablarga ko‘ra konvertatsiyadan bosh tortishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

“Orqaga qaytish bo‘lmaydi”

O‘zbekiston Markaziy banki “Gazeta.uz” so‘roviga javoban, o‘zgartirishlar quyidagilarga maqsadlarga qaratilganini qayd etdi:

  • yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda qoidalarda o‘rnatilgan normalar va talablarni muvofiqlashtirish;
  • qoidalarda belgilangan normalarni turlicha talqin qilish holatlarini bartaraf etish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan chet el valyutasini xarid qilishda xizmat ko‘rsatuvchi banklarga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni aniq belgilab qo‘yish. Regulyator hozirda turli banklar turli sondagi hujjatlarni talab qilayotganini ta’kidladi;
  • chet el valyutasini sotib olish uchun berilgan arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini yanada soddalashtirish (vaqt va mablag‘lar behuda sarflanishining oldini olish) uchun dastlabki bosqichda arizalarni ko‘rib chiqish funksiyalari bankning bosh ofisidan filialiga o‘tkaziladi;
  • norezident jismoniy shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun ularning naqd xorijiy valyutasini respublika hududida qonuniy ravishda bo‘lib turganini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida bank kassasida qabul qilish mexanizmini joriy etish;
  • mijozlarga tushunarli bo‘lishi uchun qoidalarning turli bandlarida ko‘rsatilgan bank kassalari orqali mijozlarga naqd xorijiy valyutani berish bilan bog‘liq qoidalarni alohida bandda ajratib ko‘rsatish.

“Mazkur hujjatga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar valyuta operatsiyalarini cheklash yoki qat’iylashtirishni emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini yanada soddalashtirish, tarqoq normalarni umumlashtirishni nazarda tutadi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyator hujjat loyihasidagi bank filialida arizani oldindan tekshirish bo‘yicha qarorini tushuntirgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, tahlillar yuridik shaxslarning xorijiy valyutani sotib olish bo‘yicha arizalarida turli xil mayda kamchiliklar (shartnomaning noto‘g‘ri ko‘rsatilishi, valyuta nomining noto‘g‘ri yozilishi kabi oddiy, texnik xatolar) mavjud bo‘lgan hollarda ham, ushbu arizalar ko‘rib chiqish uchun bosh bankning tarkibiy bo‘linmasiga yuborilayotgani, so‘ngra esa bank raisining o‘rinbosari arizani rad etayotganini ko‘rsatgan.

Bu holat, o‘z navbatida, vaqt va resurslarning ortiqcha hamda behuda sarflanishini talab qilib, tadbirkorlik subyektlariga noqulaylik tug‘dirmoqda, deyiladi Markaziy bank xabarida. Shu bois, bank filiallarida dastlabki tekshirish bosqichi va kamchiliklar mavjud bo‘lsa ularni bartaraf etish uchun arizani qaytarish mexanizmi joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, bankning tarkibiy bo‘linmasi arizalarni tasdiqlamaydi, chunki buni bank raisining o‘rinbosari amalga oshiradi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobir Abubakirov payshanba kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “orqaga qaytish bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi. “Hujjatda protsedurani soddalashtirish va bank mijozlari uchun ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini olish maqsadida texnik o‘zgartirishlar gap borgan. O‘zgartirishlar hech qanday cheklovlarni nazarda tutmaydi”, — dedi u.

Unga ko‘ra, hujjat loyiha maqomiga ega va jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan. U foydalanuvchilardan izoh va takliflarni qoldirishni so‘radi va ular hujjatni ko‘rib chiqishda inobatga olinishini qayd etdi.