Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yildan boshlab yer qa’ridan foydalanganlik uchun sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha belgilangan 1 tonna uchun 22 ming 500 so‘mlik soliq stavkasini 11 ming 250 so‘mgacha pasaytirishni taklif qilmoqda. Mazkur taklif bo‘yicha 2024−2026-yillar bo‘yicha budjetnomada ma’lumot berilgan.

Shuningdek, sement ishlab chiqarish uchun faqat ko‘mirdan foydalanuvchi zavodlar uchun belgilangan kamaytirilgan soliq stavkalari bekor qilinmoqda.

Bundan tashqari, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha alohida turdagi, qat’iy belgilangan soliq stavkalari (sement ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan ohaktoshdan tashqari) 12 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

“Gazeta.uz” bu taklif nima uchun kerakligi va budjetga tushumlarni qanchaga kamaytirishi kutilayotgani yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vaziriligidan izoh so‘radi. Vazirlikning qayd etishicha, bu tadbirkorlik subyektlari uchun tarif narxlari oshgani natijasida sement mahsulotlari tannarxi keskin oshib ketishini oldini olish va shu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini raqobatbardoshligini oshirish maqsadida taklif etilmoqda.

Ohaktosh sement ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo hisoblanadi va bu chora mahalliy korxonalar uchun sement tannarxini tushurishi kutilmoqda.

“Sement xom ashyosi uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini unifikatsiya qilish soliqni hisoblash tartibini va soliq ma’murchiligini soddalashtiradi. Ohak ishlab chiqarish uchun ohaktoshga ham yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 5 foiz miqdorida belgilangan. Xalqaro amaliyotda ohaktosh bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 3−6 foiz orasida o‘zgarib turadi (Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina), Belarusiyada esa 1 tonna uchun 0,1664 belarus rubli (yoki 803 so‘m) miqdorida qat’iy belgilangan stavka mavjud”, — deyiladi vazirlik izohida.

Soliq stavkasining pasaytirilishi budjetga tushumlarni 160 mlrd so‘m kamroq bo‘lishiga olib kelishi prognoz qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga sement, fanera, qolip va boshqa qurilish materiallarini olib kirish 2025-yilgacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilingandi.