Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari transport vazirlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida imzolangan bayonnoma “O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya” yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo va Yevropa o‘rtasida xalqaro multimodal koridorni shakllantirishga bag‘ishlangan, deya xabar berdi O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Imzolangan bayonnomada quyidagi maqsadlar ko‘zda tutilgan:

  • Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarigacha O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya hududlari orqali yuk tashishlarni tashkil etish;
  • raqobatbardosh tarif stavkalarini qo‘llash va O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya temir yo‘llarida yuk tashish uchun qulay sharoitlar yaratish;
  • yo‘nalish bo‘ylab yuk tashishlarni tashkil etishda normativ-huquqiy va texnik standartlarni birxillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni hamkorlikda ishlab chiqish;
  • yo‘lak ishtirokchi-davlatlari o‘rtasida transport sohasidagi bog‘liqlikni oshirish.

Avvalroq IHT mamlakatlari transport vazirlari yig‘ilishida Samarqand aeroportiga IHT mamlakatlari transport xabi maqomi berilganini xabar qilgandik.