Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish “Tolibon” hukumati tomonidan joriy etilgan taqiqdan keyin 95 foizga kamaydi, deyiladi BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi yangi hisobotida. BMT ekspertlarining fikricha, bu Afg‘onistonning o‘zi uchun ham, butun dunyo uchun ham katta ahamitga ega.

2022-yil aprel oyida “Tolibon” butun Afg‘oniston bo‘ylab fermerlarga ko‘knori yetishtirishni taqiqlab, qoidabuzarlar shariat qonunlari bo‘yicha jazolanishini e’lon qilgandi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatning barcha hududlarida ko‘knori yetishtirish 233 ming gektardan 10,8 ming gektargacha qisqargan. Natijada ko‘knori yetkazib berish 2022-yildagi 6200 tonnadan joriy yilda 333 tonnagacha qisqardi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, keskin qisqarish ko‘knori yetishtirishdan daromad oladigan ko‘plab qishloq jamoalari uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan.

Mutaxassislar 2023-yilgacha ko‘knori mahsulotlari eksporti odatda mamlakat qonuniy eksporti qiymatidan oshib ketganini hisobga olib, ko‘knori iqtisodining umumiy qisqarishi butun Afg‘oniston iqtisodiyotiga ta’sir qilishini kutmoqda.

Shu bilan birga, BMT ta’kidlaganidek, ko‘plab afg‘on fermerlari bug‘doy yetishtirishga o‘tgan, buning natijasida Farah, Xilmand, Qandahor va Nangahor viloyatlarida g‘alla ekinlari 160 ming gektarga ko‘paygan. Hisobotda aytilishicha, bug‘doy yetishtirish oziq-ovqat xavfsizligini yengillashtirishi mumkin, ammo hosil ko‘knoriga qaraganda ancha kam daromad keltiradi.