Poytaxtdagi Bobur ko‘chasi va “Toshkent” xalqaro aeroportini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgichning birinchi bosqich qurilish-montaj ishlari yakuni bo‘yicha sinov o‘tkazildi, deya xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Sinovga ko‘ra 4 ta avtotreylerga (har biri 35 tonna) 4 ta harbiy tank (har biri 40 tonna) yuklanib yo‘l o‘tkazgichga umumiy 300 tonna yuklama berildi.

“Sinov natijalariga ko‘ra yo‘l o‘tkazgich ekspluatatsiya davridagi yuklamaga nisbatan ko‘proq yuklamaga muvaffaqiyatli bardosh berdi va mustahkam ekanligini isbotladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1-oktabr kunidan Toshkent xalqaro aeroporti va Bobur ko‘chasini bog‘lovchi ko‘prik yo‘lini ta’mirlash ishlari doirasida yo‘l o‘tkazgich avtobuslar va yuk transporti harakati vaqtinchalik cheklangan edi.

Yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish 2024-yil dekabriga qadar davom etadi.