Fransiyaning Orano kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib olish va qayta ishlashga 500 mln dollargacha sarmoya kiritadi. Bu haqda Samarqandda o‘tgan Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumida tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot.

Nashrning yozishicha, vazir mamlakat Orano bilan strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolagani, Fransiya kompaniyasi hozirda geologiya-qidiruv ishlarini olib borayotgani va 2023-yil oxirigacha loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishini bildirgan.

“Strategik shartnomada ular (Orano — tahr.) geologiya-qidiruv ishlarini olib boradigan [Navoiy viloyati Tomdi tumanidagi] yana ikkita qo‘shimcha maydon nazarda tutilgan. Albatta, texnik-iqtisodiy asoslash hamma narsani hal qiladi, ammo hozir ishlar ijobiy ketmoqda. Investitsiyalarning umumiy miqdori, umuman olganda, kelishuv bilan 500 million dollargacha belgilangan”, — dedi Bobur Islomov.

U uran ishlab chiqarishning mavjud hajmlari allaqachon savdo bozorlarini topganini qayd etdi. Yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi oshgani sari O‘zbekiston narxlar kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda eksport qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, deya qo‘shimcha qildi u.

“Uran bo‘yicha kim bilan ishlashishimizdan qat’i nazar, jahon narxlariga asoslanganmiz. Agar narx ko‘tarilsa, bizda hamma narsa formulalarga bog‘liq va yetkazib berish narximiz ham ko‘tariladi”, — dedi vazir.

Shuningdek, Islomov 2023-yilda barcha yo‘nalishlarda uran eksporti oshganini ta’kidlab, yetkazib berishni diversifikatsiya qilish muhimligini aytdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatga tashrifi doirasida Orano kompaniyasi bilan birgalikda strategik xomashyoni ilg‘or texnologiyalar yordamida qayta ishlash va sanoat tovarlarini eksport qilish, uran konlarida geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish masalasi ko‘rilgandi.

O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Orano kompaniyasi rahbari Klod Imoven bilan uchrashgan. Unda geologiya-qidiruv va uran qazib olish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangan.

Bloomberg avvalroq tomonlar Fransiyaga o‘zbek uranini yetkazib berish masalasini muhokama qilishi haqida xabar bergandi.

2022-yil noyabr oyida Geologiya davlat qo‘mitasi, “Navoiyuran” va Orano o‘rtasida uran qazib olish va qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangan. O‘zbekiston “yadroviy yoqilg‘i qiymat zanjiri”da Fransiya modeliga e’tibor qaratmoqchi. O‘shanda Orano “bir necha yuz million yevro” sarmoya kiritishga tayyorlanayotganini aytgan.

Orano O‘zbekistonda Nurlikum Mining qo‘shma korxonasi (51 foizi Orano`ga va 49 foizi “Navoiyuran”ga tegishli) orqali tegishli loyihada ishtirok etadi. Nurlikum Mining kompaniyasi Jelgendi uran konini o‘zlashtirish loyihasi bilan shug‘ullanadi, deyiladi kompaniya saytida.