O‘zbekistonning “Gazli” va “Xo‘jaobod” yerosti gaz omborlari 6-noyabr holatiga ko‘ra 98 foizga to‘lgan. Bu haqda “O‘ztransgaz” matbuot xizmati rahbari Shaxnoza Ravshanova “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Jumladan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida rejalashtirilgan 3,5 mlrd kubometr gazdan 3,445 mlrd kubometri haydalgan. Bu o‘tgan yilgi gaz qoldiqlari hisobga olinmaganda. Qayd etish joizki, “Xo‘jaobod” gaz omborining quvvati 900 mln, “Gazli” gaz omborining quvvati esa 3 mlrd kubometrni tashkil etadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faol gaz saqlash hajmini oshirish loyihasi doirasida “Xo‘jaobod” yer osti gaz omborida 5 ta quduq qazilgan.

Shaxnoza Ravshanova ob-havo sharoiti qulay bo‘lgani uchun hali gaz olish boshlanmagani, omborga gaz haydash esa davom etayotganini ma’lum qildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 11-sentabr kuni “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida o‘tgan yilgi qoldiqlarni hisobga olganda, o‘sha paytga qadar “Gazli” va “Xo‘jaobod” gaz omborlarida 3 mlrd kub metrga yaqin gaz to‘planganini bildirgandi.

Energetika vazirligi rahbari o‘shanda 3,2 mlrd kubometr gazni haydash rejalashtirilganini ta’kidlagandi. U yil oxirigacha “Gazli” quvvatini 4,5 mlrd kubometrga, kelajakda esa 10 mlrd kubometrgacha kengaytirish rejalashtirilganini qo‘shimcha qilgandi.

“Birinchi vazifa — gaz haydash. Ikkinchisi — olish. Agarda o‘tgan yili kuniga ko‘pi bilan sutkasiga 18 mln kubometr, bir kunda, menimcha, hatto 20 mln kubometr olgan bo‘lsak, bu yil kamida 30 mln kubometr olishimiz mumkin. Ya’ni, ikkita gaz nasos agregati o‘rnatish hisobiga kunlik resursga 10 mln qo‘shilmoqda”, — degan edi u.

“O‘zbekneftgaz” va Rossiyaning “Forus” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi 2025-yilgacha “Gazli” yerosti gaz ombori quvvatini ikki barobarga oshirishni rejalashtirmoqda. “Gazeta.uz” esa “O‘zbekistonda neft va gaz sanoatining holati to‘g‘risida”gi ma’ruza mualliflari ayrim savollarni o‘rtaga tashlaganini xabar qilgandi.