Abonent raqamlarini ko‘chirish xizmatidan 1000 dan ortiq odam foydalandi. Bu haqda Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Spot`ga ma’lum qildi.

“Bu birinchi hafta [ko‘rsatkichlari]. Aholida hali ham qo‘rquv bor va hokazo yoki bilishmaydi. Barchasi yaxshi ketayotganini ko‘rishgach, menimcha, bundan ham ko‘proq bo‘ladi”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyi oxirigacha vazirlik “mobil qullik” bekor qilinishining dastlabki natijalari haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘ladi.

“Hozir odamlar [raqamlarni ko‘chirish xizmatidan] faol foydalanishmoqda, ya’ni [mobil operatorlarini] almashtirishmoqda. Asosiysi, qiyinchiliklar yo‘q. Ayrim operatorlar o‘z ichki tizimlarini yanada sozlashmoqda. Ular hozir faqat o‘z abonentlari uchun ishlab chiqilgan ba’zi xizmatlardan barcha qurilmalarda qulay foydalanish uchun ko‘chirishlari kerak bo‘ladi. Bu oddiy ish”, — deya ta’kidladi u.

O‘zbekistonda 27-oktabrdan boshlab raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish xizmati ishga tushirildi. Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat qiladi va mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.

Xizmatdan foydalanish haqida batafsil bu yerda o‘qish mumkin.