Toshkentning Sergeli tumanida samolyotlarni suratga olayotgan maktab o‘quvchilari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Tashkent_Land Telegram kanali xabar berdi va buni “Gazeta.uz”ga spotterlarning o‘zlari ham tasdiqladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar bolalarga baqirib, tahdid qilib, ularni so‘kishgan. Bolalarni Qumariq mahalla qo‘mitasi binosiga olib borishgan va barcha suratga olish jihozlarini olib ketishgan. Hibsga olingan olti o‘quvchi shaxsiy avtomashinada boshqa joyga olib ketilgan. “Gazeta.uz” ularning ismlarini biladi.

Qo‘lga olinganlar Uzbekistan Airports kompaniyasi tomonidan Toshkent aeroportida o‘tkaziladigan rasmiy spotting tadbirlarida muntazam qatnashib kelayotgan yoshlar hisoblanadi.

O‘zbekiston hukumati 2022-yil yanvardagi qarori bilan aeroportlarda samolyotlarni suratga olishga rasman ruxsat bergan. Bu ruxsat “Gazeta.uz”ning 2021-yil sentabridagi aerospotting nima va nima uchun odamlar samolyotlarni suratga olishi haqidagi maqolasidan so‘ng berildi. Maqolada ko‘plab mamlakatlarda mutaxassislar va har kim samolyotlarni bemalol suratga olishi mumkin, lekin O‘zbekistonda bu taqiqlangan va hatto xavfli ekani yozilgandi.

Qarorda 2022-yil 1-fevralgacha aeroportlarga tutash hududlarda kuzatish uchun maydonchalar tashkil etilish topshirilgan. Lekin bunday hududlar hali tashkil etilmagan.

Toshkentda aviatsiya ixlosmandlari ko‘p yillardan buyon e’tibor qaratib kelayotgan bir qancha joylar bor. Shu vaqtgacha samolyotlarni suratga olayotganlar ba’zan tarqatib yuborilgan yoki ichki ishlar bo‘limlariga olib ketilgan, ammo u joylarda samolyotlarni suratga olishni taqiqlovchi belgilar bo‘lmagan.