31-oktabr kuni AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Abt Associates bilan hamkorlikda “Sildan xoli O‘zbekiston” 5 yillik tashabbusini boshladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga AQShning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va tuberkulyozga qarshi muhim dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun 18 million dollar sarmoya kiritilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga, shuningdek, aholi salomatligi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga katta xavf tug‘diradigan ko‘p dorilarga chidamli tuberkulyoz kasalligining yuqori ko‘rsatkichlariga duch kelmoqda.

O‘zbekiston barqaror rivojlanmoqda, ammo tuberkulyoz kasalligi aholi salomatligi uchun eng jiddiy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda”, — deyiladi elchixona xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatda tuberkulyoz kasalligining yangi holatlarining 8 foizi davolash uchun eng ko‘p ishlatiladigan va samarali hisoblanadigan ikkita dori vositasiga qarshilik ko‘rsatgan.

USAIDning 2023−2030-yillarga mo‘ljallangan global tuberkulyozga qarshi strategiyasi tuberkulyozdan xoli dunyo xaqidagi umumiy tasavvurimizni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Dunyodagi eng yirik ikki tomonlama donor sifatida USAID tuberkulyoz kasalligini yo‘q qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tezlashtirish uchun yangi innovatsiyalar va tadqiqotlardan foydalanadi, deyiladi xabarda.

1993-yildan 2023-yilgacha AQSh xukumatining O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash soxasidagi yordamining umumiy miqdori 155 million dollardan ziyodni tashkil etdi, shundan qariyb 60 million dollari tuberkulyoz kasalligiga qarshi kurashga yo‘naltirildi.

“Sildan xoli O‘zbekiston” loyihasi AQSh xukumatining sil kasalligini oldini olish, aniqlash, davolash, tuberkulyoz kasalligini stigmatizatsiyasini kamaytirish, shuningdek, tibbiy axborot tizimlarini takomillashtirish, shu jumladan, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish bo‘yicha islohotlarga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi, — deb ta’kidlaydi diplomatik missiya.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentga tashrif buyurgan USAID administratori Samanta Pauer O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgandi. Xususan, mablag‘lar sil kasalligi, epidemiya va pandemiya tahdidiga qarshi kurash, shuningdek, xususiy sektorni mustahkamlashga yo‘naltiriladi.