Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) ishidagi uzilishlar yangi dasturiy ta’minot o‘rnatilgani bilan bog‘liq. Bu haqda 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Humo dasturiy ta’minotini to‘liq yangilagan, bu esa ish boshlagan dastlabki kunlarda to‘lov tizimiga yuklanishni keltirib chiqargan va natijada ayrim mahsulotlar ishlashiga ta’sir qilgan.

“Bu faqatgina dasturiy ta’minotni yangilash bilan bog‘liq, boshqa hech narsa yo‘q”, — dedi Markaziy bank rahbari.

oktabr oyi boshida Humo tizimi mobil (to‘lov) ilovalarida to‘lovlar va p2p o‘tkazmalarini amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelgandi. Shu oyning o‘rtalarida Milliy banklararo protsessing markazi terminallarda to‘lovlarni amalga oshirishda ham muammolar yuzaga kelganini ma’lum qildi.