Gruziyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Transport vazirligi rahbari Ilhom Mahkamov Gruziya bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili bilan ikki davlat o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar, xususan, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish, yangi yo‘nalishlarga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.

Ilhom Mahkamov Gruziya tomonining Gruziyadan Samarqandga havo qatnovini tashkil etish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Levan Davitashvili o‘zbekistonlik tadbirkorlarga Gruziyaning Qora dengiz sohillarida port va terminallar qurishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, xalqaro tashishlar uchun ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash hajmini oshirishga kelishib oldi.

2022-yilda Gruziyaning Poti va Batumi portlari orqali O‘zbekistonning eksport-import yuk tashish hajmi 864 ming tonnani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga (503 ming tonna) nisbatan 72 foizga ko‘pdir.

O‘zbekiston Gruziya dengiz portlarida dengiz terminallari, shuningdek, omborlarni qurish va uzoq muddatli ijaraga berishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi memorandum iyul oyida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasining tashrifi chog‘ida imzolangandi.