“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi 1-noyabrdan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira narxi oshishini ma’lum qildi.

Bir turdagi jamoat transportida qatnov uchun qat’iy belgilangan yo‘l haqi naqd va bank kartalari bilan to‘lashda 2000 so‘m, ATTO transport kartasi bilan to‘lashda 1700 so‘m etib belgilandi.

Bir soat ichida bir avtobusdan ikkinchisiga o‘tish va ATTO kartasi bilan to‘lashda yo‘l haqi uchun 700 so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Bir soat ichidagi uchinchi va to‘rtinchi avtobuslarda harakat uchun bepul bo‘ladi.

Bir soat ichida metrodan avtobusga, bir metrodan ikkinchisiga yoki avtobusdan metroga o‘tishda chegirmalar qo‘llanishiga aniqlik kiritilmagan. Bu, avvaldan rejalashtirilganidek, keyingi bosqichda amalga oshirilishi mumkin.

Avtobuslar va metropolitenda yo‘lkira narxini oshirish va bir soat ichidagi o‘tishlarda chegirmalar joriy etish bir necha bor qoldirilgan. Tarifni 1600 so‘m qilib belgilash taklif etilgandi. Amaldagi tarif — 1400 so‘m bir necha yildan beri o‘zgarmagan.

Moslashuvchan tariflar aprel oyidayoq joriy etilishi kerak edi. Biroq xalq deputatlari shahar kengashi “tariflarning oshishiga keskin qarshi” chiqqan. Deputatlar islohotni 1-avgustga qoldirgan, ammo bu muddat orqaga surilgandi. “Gazeta.uz” iyun oyidagi maqolasida rejalashtirilgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot bergan.