O‘zbekistonda jismoniy shaxslar hamda chet el fuqarolari uchun mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida bir qator qulayliklar yaratilmoqda. 27-oktabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN — 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri uning tafsilotlari haqida xabar berdi.

Tadbirda turizmni yanada rivojlantirish, fuqarolarga qulay sharoit yaratish hamda mobil qurilmalarning noqonuniy ro‘yxatga olinishining oldini olish orqali jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish maqsadida yana bir hukumat qarori qabul qilingani aytildi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Jahon banki iqtisodchisi Vinayak Nagaraj O‘zbekistonda UZIMEI mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini “byurokratik, noqulay va fuqarolar uchun foydasiz”, deb atab, u “O‘zbekistonni orqaga tortayotganini” ta’kidlagandi.

Unga ko‘ra, birinchidan, jismoniy shaxslar xorijdan o‘zi bilan olib kirgan ikkita mobil qurilma (telefon)ni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishi imkoniyati yaratildi. Avval bitta telefonni olib kirish mumkin edi.

Ikkinchidan, telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatga olishda masofadan turib (onlayn) shaxsni biometrik identifikatsiya (Face-ID) qilish joriy etildi. Ushbu qulaylik orqali fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan o‘zgalar foydalanishining oldi olinadi. Mazkur texnologiya yordamida jismoniy shaxs o‘ziga tegishli mobil qurilmalarni ro‘yxatga olishni o‘zining biometrik ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn tarzda bajaradi.

Bunda, jismoniy shaxs IMEI kodlarini ro‘yxatga olishni rasmiy veb-sayt (uzimei.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil talqini hamda tizim ro‘yxatga oluvchilariga murojaat qilib, biometrik identifikatsiya orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Uchinchidan, O‘zbekistonga xizmat safari yoki turizm uchun kelayotgan xorij fuqarolari mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan 60 kalendar kunigacha yurishi mumkin. Avval, foydalanish davri 30 kuni edi.

Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan har bir olib kirilayotgan mobil qurilma bojxona chegarasini kesib o‘tishda deklaratsiyalanishi hamda deklaratsiya natijasi bo‘yicha mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimiga integratsiya qilinishi ular tomonidan qonuniy olib kirilishiga asos bo‘ladi.

Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga erishiladi. Buning natijasida fuqarolar o‘zi bilan olib kirgan qo‘shimcha ikkinchi mobil qurilmani UzIMEI tizimida muammosiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.