Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tayotgan Para Osiyo o‘yinlarining 3-kunida o‘zbekistonlik sportchilar avvalgi kunlarga qaraganda kamroq medalga ega chiqdi: yana 16 ta medal (birinchi va ikkinchi kunlarda mos ravishda 20 va 18 ta edi).

Oltin medal:

Para yengil atletikaning T13 klassida erkaklar o‘rtasidagi uzunlikka sakrash bahslarida Doniyor Axmedov 6.88 metr natija bilan 1-o‘rinni oldi.

Para taekvondo bo‘yicha Guljanoy Naimova (+65 kg) barcha raqiblarini mag‘lub etdi.

Para yengil atletikaning yadro uloqtirish dasturida bronza medalini olgan Mohigul Hamdamova ertasi kuni disk uloqtirish bahslarida oltin medalga ega chiqdi.

Para yengil atletikaning uzunlikka sakrash bahslarida Asila Mirzayorova oltin medal oldi. U avvalgi Para Osiyo o‘yinlarining bronza medali sohibi, Tokioda o‘tgan Paralimpiada o‘yinlarining kumush medali egasidir.

Muhammad Rixsimov esa yadroni 14.52 metrga uloqtirdi va birinchi bo‘ldi.

Kumush medal:

Para dzyudo: Munisa Madrimova (-70 kg) delegatsiya hisobiga kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.

Para dzyudochi Feruza Ergasheva (+70 kg) ham kumush medalga ega chiqdi.

Para pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasida -55 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Muslima Nuriddinova 107 kg toshni bo‘ysundirgan holda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Para velosportning trek poygalarida G‘olibbek Mirzayorov yakunda marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Para dzyudochi Aloviddin Jo‘raqulov (+90 kg) yakunda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Bronza medali:

Para pauerlifting bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bahsda (-72 kg) Bekzod Jamilov 204 kg natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Para velosportning trek poygalarida Azimbek Abdullayev marraga 3-bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga ega chiqdi.

Para yengil atletikaning yadro uloqtirish bahslarida Xusniddin Norbekov 15.90 metr natija bilan bronza medalini oldi.

Para taekvondo bo‘yicha Asad Toshtemirov (-80 kg) delegatsiya hisobiga navbatdagi bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.

Yana bir para yengil atletikachi Yoqutxon Xolbekova uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etib, 3-o‘rinni oldi.

100 metrga batterflay usulida suzish bahsida Azizbek Boynazarov 1:09:03 daqiqa natija qayd etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Para taekvondochi Asad Anvarov Xanchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.