Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 1-noyabr kuni Qozog‘istonga, 2-noyabr kuni esa O‘zbekistonga keladi. Bu haqda Yelisey saroyining rasmiy kommyunikesida ma’lum qilindi.

“Ushbu tashrif Markaziy Osiyoning ushbu ikki davlati bilan munosabatlarni chuqurlashtirish kontekstida amalga oshirilmoqda”, — deyiladi kommyunikeda.

Fransiya ikki davlatning islohotlar borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, hamkorlikni diversifikatsiya qilishga yordam beradi, ularning mustaqilligi va suverenitetini, shuningdek, Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash istagini qo‘llab-quvvatlaydi, deya ta’kidladi Makron ma’muriyati.

“Fransiya va bu ikki davlat o‘rtasidagi yaqinlashuv iqtisodiy sohada, xususan, energetika, muhim xomashyo yetkazib berish, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mustaqilligi va hatto mudofaa sohasida amalga oshirilmoqda”, — deya ta’kidladi Yelisey saroyi.

Tashriflar davomida Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi iqtisodiy forumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Fransiya, shuningdek, jiddiy global muammolar, jumladan, ekologik muammolar, ayniqsa, suv resurslarini boshqarish va oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qiladi”, — deyiladi kommyunikeda.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan Fransiya O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan hamkorlikda terrorchilik tahdidi va narkotik moddalar savdosiga qarshi ish olib bormoqda.

“Davlat rahbari oldida inqirozlar kuchayib borayotgan va dunyoning bo‘linish xavfi sharoitida barcha qit’alardagi davlatlar bilan muloqotni davom ettirish, xalqaro huquqni hurmat qilish asosida tinchlik va barqarorlikni himoya qilishni davom ettirish masalasi ham turibdi”, — deyiladi Yelisey saroyi bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borgan edi. Siyosiy dasturdan tashqari, u rafiqasi bilan prezident Makron va Fransiyaning birinchi xonimi hamrohligida Parijdagi Luvrga tashrif buyurib, “O‘zbekiston vohalari mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida”, shuningdek, Parij institutidagi “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” ko‘rgazmalarida ishtirok etgandi.

Fransiya prezidentining O‘zbekistonga so‘nggi tashrifi 1994-yil aprel oyida Fransua Miteran tomonidan amalga oshirilgan edi.