O‘zbekiston Markaziy banki bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaytirish, imtiyozli kreditlash amaliyotini qisqartirish va bozor tamoyillari asosida shakllanuvchi foiz stavkalariga o‘tish borasida choralar davom ettirilishini ma’lum qildi.

Markaziy bank boshqaruvining 26-oktabrdagi yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2024-yil va 2025−2026-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” konseptual jihatdan ma’qullandi.

O‘rta muddatli istiqbolda bank tizimi umumiy likvidligi dinamikasi hukumat operatsiyalari va uni moliyalashtirish manbalari, ichki valyuta bozoridagi talab va taklif muvozanatidan kelib chiqib shakllanadi. Bunda, 2023-yilda kuzatilgani kabi, 2024-yilda ham likvidlikni qisqaruvchi tendensiyaning saqlanib qolishi qat’iy pul-kredit sharoitlari orqali inflyatsiyani cheklovchi ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.

Bank tizimi likvidliginining qisqarishi sharoitida moliyaviy barqarorlik masalasi ham kun tartibiga ko‘tarilishi mumkin, Markaziy bank likvidlikni boshqarish instrumentlaridan faol foydalanish orqali tizim barqarorligini ta’minlash choralarini ko‘rib borishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning noyabr oyida Markaziy bank o‘zining mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish ssenariylari haqidagi hisobotida pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish uchun hukumatni import yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik subyektlarini temiryo‘l va havo transportiga jalb qilish, ulgurji savdoni naqd pulsiz shaklga o‘tkazish, imtiyozli va yo‘naltirilgan kreditlardan voz kechishga chaqirgandi.

Shuningdek, 2022-yil iyulda ham regulyator rahbari Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank hukumatdan imtiyozli va direktiv kreditlar hajmini kamaytirishni so‘raganini ma’lum qilgandi. O‘sha vaqtda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ham kreditlar talon-toroj qilinishiga barham berish uchun imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish va banklarni xususiylashtirish zarurligini ta’kidlagandi.