23-oktabr kuni Toshkent shahrining bir nechta asosiy ko‘chalarida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari sababli harakat cheklanishi “transport vositalari oqimining qayta taqsimlanishiga olib keldi va boshqa ko‘chalardagi mavjud oqimga qo‘shimcha yuklama hosil qildi”, deb xabar qildi O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Kunning tig‘iz vaqtida “Yandeks xarita” 10 ballni — tirbandlikning maksimal darajasini ko‘rsatdi.

“Natijada shahardagi umumiy harakat tezligi, yig‘ilib qolgan qo‘shimcha oqim hisobiga keskin tushib ketdi. Bu holat esa, o‘z navbatida, barcha ko‘chalarda transport vositalari harakat tezligining pasayishiga olib keldi. Ayni shu jihat Toshkent shahri jamoat transporti — avtobuslar harakatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi”, — deyiladi xabarda.

Xususan, Alisher Navoiy, Labzak, Sag‘bon, Saqichmon, Mehrjon, Kichik halqa yo‘li, 8-mart, Shota Rustaveli, Bobur, Oybek, Arnasoy, Istiqbol, Muqimiy-Nukus hamda Nurafshon aylanma ko‘chalari orqali harakatlanuvchi 70 dan ortiq avtobus yo‘nalishlarida kuning tig‘iz paytida qatnov vaqti hamda oraliq interval vaqtlariga rioya etish imkoni bo‘lmagan.

Qayd etish kerakki, Transport vazirligi o‘z xabarida avtobuslarning tirbandlikdan chiqib ketishiga va Toshkent ko‘chalarida haqiqiy ustuvorlikka ega bo‘lishiga imkon beradigan muqobil qatnov sxemalari yoki choralarini taklif qilmagan.

Dushanba kuni ertalab “Gazeta.uz” muharriri Sabina Bakayeva ham yo‘lovchi sifatida ketayotgan 80-sonli avtobus Nukus ko‘chasida YTHga uchragandi.

“Dushanba kuni ertalab bu yerda ta’mirlash ishlari kuchaytirildi. Avvalgi kunlarda ko‘chaning bir qismi to‘sib qo‘yilgan va bu hududlarda transport harakati uning bir tomoni bo‘ylab olib borilayotgandi. Bugun ertalab to‘sib qo‘yilgan hududlarning uzunligi ikki baravar oshdi. Hech kim fuqarolarni bu haqda ogohlantirmagan, jamoat transporti harakati haqida esa o‘ylanmagan. Bunga Bobur ko‘chasidagi ta’mirlash ishlarini, ko‘prikning aeroportga tomon kengayishi tufayli Kichik halqa avtomobil yo‘lida va Nukus ko‘chasiga olib boruvchi bir nechta kichik ko‘chalarda hosil bo‘lgan tirbandlikni qo‘shish mumkin”, — dedi u.

Bobur va Nukus ko‘chalarida to‘satdan ta’mirlash ishlari olib borilayotganini chet ellik siyosatchilarning yaqin oradagi tashrifi bilan izohlash mumkin.

“YTHga uchragan 80-avtobusning barcha yo‘lovchilari piyoda ketishdi. Avtobus butun transport oqimi markaz bo‘ylab intilayotgan yagona harakatlanish bo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Hodisada aybdor haydovchilar yo‘q. Bunda faqat uquvsiz shahar boshqaruvi bor, xolos”, — deb yozadi Sabina Bakayeva.