Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi 11-iyul kuni 2023-yil yanvarida homilador ayolni urib ketib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan Nexia haydovchisiga hukm chiqardi. “Gazeta.uz” bu bo‘yicha Oliy sud saytiga joylangan sud qarorini o‘rgandi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 3-yanvar kuni soat taxminan 18:50 larda Nexia-3 avtomashinasi haydovchisi (hukm matnida ismi va familiyasi yashiringan) Yashnobod tumani Ohangaron yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotganda “Yangiobod” savdo majmuasi ro‘parasi to‘qnashuv sodir etgan. Sud qarorida aytilishicha, sudlanuvchi yo‘l va ob-havo sharoitlariga inobatga olmay, ko‘rinuvchanlik cheklangan vaqtda 37 haftalik homilador ayol piyoda S.M.ni urib yuborgan.

Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan va olgan tan jarohatlari tufayli ertasi (4-yanvar) kuni vafot etgan. O‘limidan oldin ayol o‘g‘il tug‘gan, lekin bir muncha vaqt o‘tgach, bola ham vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayol va chaqaloqning o‘limi bosh miya yopiq jarohati, bosh miya qattiq pardasi ostiga qon quyilishi oqibatida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, ikkalasi ham baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan.

Haydovchining aybi voqea joyidan olingan ma’lumotlar va ekspert xulosalari bilan ham isbotlangan.

Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida ayol “Yangiobod” savdo majmuasi oldidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u 60−65 km/soat tezlikda harakatlanar ekan, “yomg‘ir yog‘ishi hamda oldinda o‘ng va chap bo‘laklarda mashinalar yo‘qligi sababli” yo‘lning o‘ng tomonida qanday o‘tganini ko‘rmagan. Haydovchi jabrlanuvchini o‘tib ketayotgan Damas`ga o‘tqazib, kasalxonaga olib ketgan.

Haydovchi jabrlanuvchiga yetkazilgan barcha moddiy zararni qoplaganini aytib, suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.

Marhumning onasi kuyovi va o‘g‘li xorijda ekani, shu bois sudda ishtirok etmayotganini aytdi. U sudlanuvchiga hech qanday da’vosi yo‘qligini ta’kidlab, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi.

Sudya Anvar Ikromov sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish / muayyan huquqlardan mahrum qilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor, deb topdi va unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga, sud Jinoyat kodeksining 72-moddasini (shartli jazo) qo‘llab, jazoni shartli jazo bilan almashtirib, 3 yil sinov muddati belgiladi.

Sud jazoni yengillashtirishda haydovchining aybiga iqror bo‘lgani, yoshi (aniq yoshi ismi-sharifi kabi yashiringan), oilaviy sharoiti, sudlanmagani, oilada yagona boquvchiligi, “Damariq” mahallasidan olingan ijobiy tavsifnoma, shuningdek, jabrlanuvchining qonuniy vakilining da’vosi yo‘qligini inobatga olgan. Uning vakiliga garov sifatida berilgan 10 million so‘m ham qaytarilgan.

2023-yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda 5772 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ularda 5448 kishi jarohatlangan, 1415 kishi halok bo‘lgan. Yetti oylik statistikada esa YTH oqibatida vafot etganlar soni 1115 nafar edi.

Kuni kecha prezident yana amaldorlarni “yo‘llardagi favqulodda vaziyat"ga befarqlikda aybladi. “Nimaga prezident tashvish qilib, hammani “yondirishi” kerak? Nimaga sizlar (deputatlar) “yonmaysizlar”? Shuncha odam o‘lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo‘lmaydi — dod-faryod odamlar o‘lgani uchun. Ijtimoiy tarmoq degani — xalqning ovozi degani”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.