O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda yo‘llarda baxtsiz hodisalar, avariyalar sonining ortib borayotgani, ularda fuqarolar hayotdan ko‘z yumib, mayib-majruh bo‘layotgani tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda amaldor va deputatlarni yo‘llardagi o‘lim holatlariga befarqlikda aybladi.

“Yo‘llarda shuncha odam o‘lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo‘lmaydi. Nega prezident tashvish qilib, hammani „yondirishi“ kerak? Nimaga deputatlar „yonmaydi“?” — dedi prezident viyedoselektor yig‘ilishida. Tanqid ortidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari yo‘l qoidalari bilan bog‘liq masalalar haqida turli takliflar bera boshladi.

“Haqiqatdan ham, YTHlarning oldini olish uchun belgilangan jazo chorasini kuchaytirish kerak”, deya yozmoqda 24-Kogon saylov okrugidan deputat Umida Rahmonova. Uning qo‘shimcha qilishicha, yo‘llardagi tirbandlikni bartaraf qilishning yangicha usullarini ishga tushirish kerak. Jumladan, yo‘llarda “GAI” xodimining aralashuvidan voz kechish vaqti kelganini ta’kidladi.

“Har doim ham o‘z natijasini bermayotgan „GAI“ xodimining aralashuvidan voz kechish vaqti keldi. Hokimliklar, transport tizimi mas’ullari ilg‘or xorijiy tajribaning o‘zimizga moslarini joriy etish to‘g‘risida qachon bosh qotiradi? Sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan chorrahalar, svetoforlarni kinolarda ko‘ramizmi faqat? Yoki qachongacha o‘z manziliga yetib olish uchun birgina yo‘ldan yurishga majbur bo‘lgan haydovchilarimizning ikki oyog‘i bir etikka tiqilishi kerak?” — deb yozdi u.

Shuningdek, deputat atrofda yangi yo‘llar, ko‘priklarni yanada ko‘paytirishni taklif qilmoqda. Uning fikricha, pulli bo‘lsa ham, yangi yo‘llar, ko‘priklarni ko‘paytirish va bu haqda jamoatchilikka o‘z vaqtida ma’lumot berish kerak. Qolaversa, ko‘p ming sonli avtobus yo‘lovchilarining manfaatini ustuvor hisoblab, jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklardan harakatlanayotgan boshqa avtomobil egalariga qo‘llaniladigan jazoni yanada kuchaytirish lozim, deya qo‘shimcha qildi u.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev hozirgi magistral yo‘llarda tezlikni 80, 90 km/soatgacha cheklab, qo‘shimcha fotoradarlar o‘rnatish hisobiga mashina haydovchilarini tarbiyalash mumkinligini aytmoqda. Qolaversa, u jarimalar miqdorini “qo‘rqmasdan bir necha karra ko‘tarishni” taklif qilmoqda.

“Qoidabuzarlik uchun jazoning muqarrarligi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lyapti. Mana, misol uchun, poytaxtimizda radarlar va svetoforlar o‘rnatilgan ko‘chalarda YTHlarning keskin kamaygani qayd etilyapti. Menimcha, mamlakatimiz bo‘ylab haqiqiy, xalqaro me’yorlardagi avtostradalar qurilgunigacha hozirgi magistral yo‘llarimizda tezlikni 80, 90 km/soatgacha cheklab, qo‘shimcha fotoradarlar o‘rnatilsagina bosar-tusarini bilmaydigan “lixach"larimizni tarbiyalasak bo‘ladi. Ular to‘laydigan jarimalarni ham dadil, qo‘rqmasdan bir necha karra ko‘tarsak, xalqimiz bunday qarorlarni faqat olqishlagan bo‘lardi nazarimda. “Xalqimiz” tushunchasiga qonun-qoidaga itoatkor haydovchilarimizni ham qo‘shgan bo‘lardim. Negaki, “o‘pkasi shishgan shumaxerlar"dan, bir narsadan quruq qolayotgandek orqadan “taqab” keladigan “ta'qibchilar"dan ular ham bezor”, — deb yozdi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llardagi boshboshdoqlikka chek qo‘yish, odamlar hayotiga zomin bo‘layotgan YTHlarga barham berishni ko‘zlab, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazolar keskin kuchaytirilsa, jazoning esa muqarrarligi (zamonaviy texnik vositalar yordamida) qat’iy ta’minlansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

134-Yakkabog‘ saylov okrugidan saylangan deputat Shaxnoza Xolmaxamatova “boshqaruvidagi “temir matoh"dan noto‘g‘ri foydalanayotganlarni” tanqid qildi.

“Tajribasiz haydovchining kasriga qolib, jigarpo‘shasidan erta ayrilgan hamyurtlarimizga sabr tilashdan o‘zga chora yo‘q. Odamlarning umriga zavol bo‘layotganlarga keskin va og‘ir jazoni tayinlash kerak, toki, boshqalar ham rulga o‘tirishdan oldin ming chandon o‘ylab, keyin haydovchilik qilsin… Ayniqsa, belgilangan tezlikni oshirganlarga, qarama-qarshi yo‘llarga chiqadigan “shovvoz"larga, avtomobil rulini voyaga yetmagan farzandiga berib qo‘ygan ota-onalarga, umuman yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan har bir qoidabuzarga nisbatan jazolarni yanada kuchaytirishni o‘ylab ko‘rish kerak”, deya ta’kidlamoqda deputat.

O‘z navbatida, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “jonlanib qolgan” deputatlar parlament nazoratini ishlatgan holda hukumatdan nima uchun haligacha jarima ballari tizimi joriy qilinmagani, prezident qarori ijrosi salkam 1 yilga kechikayotgani haqida so‘rashi kerakligi haqida yozdi. Ma’lumot uchun, mazkur tizim 2022-yil 1-dekabrda ishga tushishi kerak edi.

“Deputatlarimiz eng avvalo mana shundan ishni boshlashsin. Prezident qarori ijrosini o‘yinchoq qilayotgan mas’ullarni so‘roqqa tutishsin. Ichki ishlar vaziri nega shu ishni eplolmayotgani haqida ochiq hisobot bersin”, — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, bloger Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi qilmishlar uchun og‘irroq javobgarlikni ko‘zda tutuvchi o‘zgarishlar kiritish kerak, deb hisoblaydi:

  1. OAV yoki internet orqali yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslikni, ularni aylanib o‘tishni targ‘ib qilish;
  2. o‘zi shu kabi qoidalarni buzgani haqidagi ma’lumot aks etgan materiallarni (matn, foto, video) internetga joylash;
  3. yo‘l harakati qoidalarini buzishga yordam beruvchi mahsulotlarni reklama yoki targ‘ib qilish, ularning savdosi bilan shug‘ullanish.

“Bularga qarshi qat’iy javobgarlik belgilash kerak. Murosasiz kurashish shart. Chunki aynan mana shunaqa „aqllilar“ jamoatchilik ongida qoidabuzarlar „krutoy“, qoidalarga amal qilganlar esa „lox“ degan g‘oyani singdirmoqda”, — deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.