Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi qurilishi tugallanmagan binoda mayning qurilmalaridan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Fuqaro R.E.I.ga tegishli, umumiy iste’mol quvvati 840,4 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari quvvati 630 kVAga teng 2 ta transformatorga o‘zboshimchalik bilan ulangan. Dalolatnoma rasmiylashtirilib, 24 mlrd 415 mln 300 ming so‘m qayta hisob-kitob qilingan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident tomonidan sentabr oyi boshida imzolangan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda mazkur faoliyat uchun ruxsatnoma Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladi. Bundan tashqari, ILMA kriptobirja, mayning-pul, kriptodepozitariy va kriptodo‘kon faoliyati uchun litsenziyalovchi organga aylangan.

Avvalroq O‘zbekiston deputatlari IMEI-kodlarini klonlash va noqonuniy mayning uchun javobgarlik to‘g‘risidagi o‘zgartirishlarni qabul qilgandi.