Shavkat Mirziyoyev juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yana mutasaddilar va deputatlarni yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatga loqaydlikda aybladi. Davlat rahbarining nutqidan parcha uning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“Yoshlar o‘lyapti, 4000 ta, 4200 ta odam avariyadan o‘lyapti. Bekordan-bekor. Sen ham transport vaziri bo‘la turib, shunga befarq bo‘lmasdan, prezident qabul qilgan qarorini, svetoforlarni joy-joyiga qo‘yishga mas’ulmisan, yo‘qmi? Nimaga odamlar o‘lishi kerak chorrahalar to‘g‘irlanmagani uchun?” — deya prezident transport vaziri Ilhom Mahkamovga murojaat qildi.

“Nimaga prezident tashvish qilib, hammani „yondirishi“ kerak? Nimaga sizlar (deputatlar) „yonmaysizlar“? Shuncha odam o‘lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo‘lmaydi — dod-faryod odamlar o‘lgani uchun. Ijtimoiy tarmoq degani — xalqning ovozi degani”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misol tariqasida u amalda tirbandlik bo‘lmaydigan Pekin va Moskva shaharlarini keltirib o‘tdi va O‘zbekiston ham bunga intilishi kerakligini ta’kidladi.

Prezident transport vaziri va boshqa mutasaddilarga poytaxt va viloyatlarda jamoat transportini rivojlantirish, svetofor va belgilar o‘rnatish, tirbandlikni kamaytirish, ko‘chalarni tartibga keltirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishni topshirdi.

U 2024-yil bu sohada katta o‘zgarishlar yili bo‘lishini ta’minlash vazifasini qo‘ydi.

2022-yil fevralida prezident mas’ullarni yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha dahshatli statistik ma’lumotlarga qaramay, sukut saqlashda turishda ayblagandi.

“Bunday favquloddagi holatga nisbatan Oliy Majlis, mahalliy kengashlar deputatlarining ovozi eshitilmayapti. Nimaga hokimlar, ichki ishlar, „GAI“, transport sohasi rahbarlarining hisoboti eshitilib, mas’uliyati ko‘rib chiqilmagan? Shuning uchun bu muhim masala bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanishga majbur bo‘ldim”, — degandi o‘shanda Shavkat Mirziyoyev.

2023-yilning iyul oyida prezident Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidovga hayfsan bergan va uch viloyat YHXB rahbarlarini ishdan bo‘shatgandi. Uning ta’kidlashicha, hokimliklar va “O‘zavtoyo‘l” yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga e’tibor bermay, faqat asfalt yotqizish bilan ovora.