O‘tgan yili O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida 39 milliard kub metr suv sarf etildi. Shundan 36 foizi, ya’ni 14 milliard kub metrdan ortig‘i tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari suv resurslari bilan bog‘liq muammolarning dolzarbligi kundan-kunga ortib borayotganini alohida ta’kidladi, deb xabar bermoqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov. Shu bilan birga, so‘nggi ikki yilda suv xo‘jaligiga, jumladan, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida katta miqdorda subsidiyalar ajratildi.

Yerlarning 70 foizi eski usulda sug‘orilgani bois 5−6 milliard kub metr suv behuda sarflanib, kollektorlarga tashlanmoqda, dedi prezident.

Bugungi kunda 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr sarflanadi. Lekin 80 foiz nasoslar 35−40 yildan beri ishlatilib, o‘z resursini o‘tab bo‘lgan, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Davlatimiz rahbari suv xo‘jaligidagi bunday vaziyatdan chuqur tashvishdaligini qayd etib, soha mutasaddilariga qattiq e’tiroz bildirdi”, — deydi Sherzod Asadov.

Prezident kanallarni beton qilish orqali yo‘qotishlarni kamaytirish, nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, suv inshootlarida avtomatlashgan hisoblagich o‘rnatish yuzasidan topshiriqlar berildi.

O‘zbekistonda chuchuk suvning 90% dan ortig‘i qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Bu jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori.

Suv xo‘jaligi vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov 2030-yilga borib mamlakatda 7 milliard kub metr suv yetishmasligini ta’kidlagandi.