Germaniya federal kansleri Olaf Shols 17-oktabr kuni Isroilga borib (bu HAMAS hujumidan keyin Isroilga birinchi bor xorijiy rahbarning tashrifi bo‘ldi), mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda HAMAS tomonidan garovga olingan nemislarning yaqinlari bilan uchrashdi.

Kansler Isroildan Misrga uchmoqchi bo‘lgan vaqtda — samolyot Ben-Gurion aeroportidan havoga ko‘tarilmoqchi bo‘lganida Tel-Avivda havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalindi. Germaniya delegatsiyasi zudlik bilan samolyotdan evakuatsiya qilindi va uchish-qo‘nish yo‘lagiga yotishiga to‘g‘ri keldi. Keyin Shols bombapanoh joylashgan aeroport binosiga olib ketildi. Signal to‘xtagach, kansler Misrga uchib ketdi.

G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi (HAMAS nazoratida) “Al-Ahli” kasalxonasida yuz bergan portlashda 471 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bir kun avval vazirlik voqea oqibatida 200 dan 300 nafargacha odam halok bo‘lganini bildirgandi.

Isroil Rabot (Marokash) va Qohiradagi (Misr) elchixona xodimlarini evakuatsiya qildi, deya xabar berdi “Yediot axronot” nashri. Bir kun avval bu va boshqa shaharlarda G‘azo sektoridagi shifoxonaga hujum fonida norozilik namoyishlari boshlanib ketgandi.

AQSh prezidenti Jo Bayden HAMASning Isroilga hujumini 11-sentabr voqealariga qiyosladi. Oq uy xabariga ko‘ra, Amerika prezidenti isroilliklarni “g‘azabga berilmaslikka” chaqirdi.

“Men bu haqda ogohlantiraman. G‘azabni his qilganingizda, unga berilib ketmang. AQShda 11-sentabr voqealaridan keyin biz ham g‘azablangandik. Adolat izlagan bo‘lsak-da, xatolarga ham yo‘l qo‘ydik”, — dedi Amerika yetakchisi. Bayden falastinliklarning katta qismi HAMASga aloqador emasligini ham qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidenti Xolokostni ham eslab o‘tdi. “O‘shanda dunyo tomoshabin bo‘lib turdi va hech narsa qilmadi. Biz bu safar kuzatib, hech narsa qilmay o‘tirmaymiz. Bugun ham emas, ertaga ham emas, umuman hech qachon qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz”.

Bayden, shuningdek, falastinliklar uchun 100 mln dollarlik insonparvarlik yordamini e’lon qildi. Bu yordamni G‘azo sektoridagilar ham, G‘arbiy sohildagilar ham olishi mo‘ljallangan.

AQSh prezidenti agar HAMAS bu yordamni o‘g‘irlasa, bu “terrorchilik guruhi G‘azo sektoridagi tinch aholi manfaatlarini aks ettirmasligini yana bir bor isbotlaydi”, deya ta’kidlagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ofisi Isroil HAMAS garovga olinganlarni ozod qilmaguncha Isroil o‘z hududidan G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami jo‘natilishiga ruxsat bermasligi haqida bayonot berdi. Shu bilan birga, Isroil Misr hududi orqali insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilmasligi aytilgan.

Newsweek nashrining yozishicha, G‘azo sektori ma’murlari yuzlab o‘limlar haqida ma’lumot berayotganiga qaramay, AQSh va Isroil razvedkasi “Al-Ahli” kasalxonasidagi portlashda “ko‘pi bilan bir necha o‘nlab” odam o‘lgan deb hisoblamoqda.

“Bizga ma’lum bo‘lishicha, Isroil shifoxonaga zarba bermagan. Tasvirlar yana shuni ko‘rsatadiki, raketa G‘azodan uchirilgan va shifoxona yaqiniga kelib tushgan, uning ustiga emas”, — deya AQSh Mudofaa razvedka boshqarmasining katta ofitseridan iqtibos keltirgan nashr.

Newsweek`ning yana bir manbasi — “Al-Ahli” voqeasi yuzasidan ishlayotgan AQSh Harbiy-havo kuchlari ofitserining ta’kidlashicha, portlashda qancha odam halok bo‘lganini na AQSh, na Isroil taraf aniq bilmaydi.

“Bizning va Isroilning razvedka ma’lumotlari ko‘pi bilan bir necha o‘nlab [o‘limlar kuzatilganini] taxmin qilmoqda. Bu fojia emas, demoqchimasman, lekin bu HAMASning navbatdagi jiddiy bo‘rttirishi va ochiq yolg‘oni. [Portlash uchun] Isroil emas, falastinliklar javobgar”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Misr G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish uchun “barqaror” koridor ochilishini e’lon qildi. 19-oktabrga o‘tar kechasi Misr hukumati G‘azo sektori bilan chegaradagi Rafax chegara punktini ochishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu bo‘yicha AQSh prezidenti Jo Bayden va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi kelishib olgan.

Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar yordam yuklangan birinchi yuk mashinalari faqat juma kunidan boshlab G‘azo sektoriga kira oladi.

“Ular yo‘lni ta’mirlamoqchi. Yuk mashinalari o‘tishi uchun yo‘ldagi chuqurlarni to‘ldirishlari kerak. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu sakkiz soat davom etadi. Shuningdek, agar HAMAS insonparvarlik yuklarini yetkazib berishga xalaqit bermoqchi bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektoriga bunday yordam ko‘rsatishni to‘xtatadi, degan Jo Bayden.

Rafax chegara punktida gumanitar yordam yuklangan 200 dan ortiq yuk mashinasi hozir kirish uchun ruxsat berilishi kutib turgani aytilgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak ham payshanba kuni Netanyaxu bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Isroilga keldi.

“Avvalo, men Isroil xalqi bilan birdamligimni bildirish uchun keldim. Sizlar dahshatli terrorchilik aktini boshdan kechirdingiz va shuni bilishingizni istaymanki, Buyuk Britaniya va men siz bilan birgamiz”, — dedi Sunak isroillik jurnalistlarga.

Halok bo‘lganlar soni

Tomonlar bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMASning Isroilga hujumlari oqibatida 1400 nafardan ortiq odam o‘lgan. Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlarida 3500 nafarga yaqin falastinlik halok bo‘lgan.