AQSh prezidenti administratsiyasi Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarni Markaziy Osiyoning ayrim davlatlaridan kelgan sayohatchilarga nisbatan keskin choralar ko‘rishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Bloomberg xabar qildi.

Nashr qayd etishicha, bu ehtimoliy terrorchilarning AQShga kirishini oldini olishga qaratilgan. Ogohlantirish bir guruh muhojirlar “ISHID”ga aloqador kontrabandachi yordamida AQShga janubi-g‘arbiy chegaradan kirib kelgan voqeadan keyin berilgan.

Bu Yevropa aeroportlari orqali tranzit o‘tayotgan yo‘lovchilarning Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy yo‘llar bilan kirishga urinishlari bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirdi. AQSh rasmiylari Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun aeroport tranzit vizalarini talab qilishni so‘ragan.

Avvalroq CNN ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan kontrabandachi o‘zbekistonlik bir guruh muhojirlarga Meksika orqali AQShga kirishga yordam bergani haqida xabar bergandi.

FQB ushbu tarmoq orqali AQShga kirgan barcha muhojirlarni hali aniqlab bo‘lganicha yo‘q va kamida 15 nafar O‘zbekistondan kelgan muhojirni qidirib topishga harakat qilmoqda. O‘shanda jami 120 ga yaqin o‘zbekistonlik chegarani kesib o‘tgan, deb xabar beradi Reuters. Byuro ularni “potensial jinoiy tahdidlar” manbalari sifatida ko‘radi, deb ta’kidlaydi CNN.