17-oktabrdan 18-oktabrga o‘tar kechasi G‘azo sektoridagi kasalxonaga zarba berildi. Sektordagi Sog‘liqni saqlash vazirligi (HAMAS nazoratida) vakili voqea oqibatida 200 dan 300 nafargacha odam halok bo‘lganini ma’lum qildi. Al Jazeera nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtgacha aniqlangan qurbonlar soni 500 nafarni tashkil etmoqda. Al Arabiya telekanali bergan ma’lumotlarda halok bo‘lganlar soni 800 kishi ekani aytiladi.

Tomonlarning bayonotlari

Voqea yuzasidan G‘azo sektoridagi Falastin hukumati bayonot berdi.

“Bosqinchilar tomonidan G‘azo shahri markazidagi „Al-Ahli“ kasalxonasining bombardimon qilinishi orqali sodir etilgan yangi harbiy jinoyat — portlash oqibatida „Al-Shifo“ tibbiyot majmuasiga o‘nlab vafot etganlar va jarohatlanganlar olib kelindi. Qayd etish joizki, shifoxonada yuzlab bemorlar, yaradorlar va havo hujumlari tufayli uylaridan majburan ko‘chib o‘tganlar bo‘lgan”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, voqea yuzasidan HAMAS ham bayonot berib, buni “genotsid” deb atadi. “G‘azo sektori markazidagi kasalxonada bo‘lgan qirg‘in genotsiddir”, — deyiladi HAMAS bayonotida. Bundan avvalroq sektordagi Sog‘liqni saqlash vazirligi (HAMAS nazoratida) vakili hujum Isroil tomonidan uyushtirilganini ta’kidlagandi.

Isroil Mudofaa armiyasi vakili Daniel Xagari Isroil voqea tafsilotlarini o‘rganib chiqayotganini va shifoxonaga mamlakat havo kuchlari zarba bergani yoki bu HAMASning muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi oqibati ekani hozircha noma’lumligini ta’kidladi.

Keyinroq Isroilning i24 kanali Isroil Mudofaa armiyasining dastlabki tergov natijalariga tayanib, G‘azodagi shifoxonada kuzatilgan portlashga HAMASning muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi sabab bo‘ldi, deb yozdi.

Undan biroz o‘tib, Isroil Mudofaa armiyasi G‘azodagi shifoxonaga raketa zarbasi berilishida “Islomiy jihod” guruhini aybladi. Isroil harbiylari bayonotida shifoxonadagi portlashdan oldin Isroil tomoniga raketa otilgani va u “shifoxona yaqinidan o‘tayotganda urib tushirilgani” aytiladi.

“Bizda mavjud bo‘lgan bir qancha manbalardan olingan razvedka ma’lumotlari shifoxonaga qilingan muvaffaqiyatsiz [raketa] hujum[i] uchun „Islomiy jihod“ tashkiloti javobgar ekanini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shifoxonaga berilgan zarbada “G‘azo sektoridagi terroristlar”ni aybladi.

“Butun dunyo bildi: G‘azodagi shifoxonaga G‘azodagi vahshiy terroristlar hujum qildi, Isroil Mudofaa armiyasi emas. Farzandlarimizni vahshiylarcha o‘ldirganlar o‘z farzandlarini ham o‘ldirmoqda”, — deb yozdi u o‘zining Twitter`dagi sahifasida.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos shifoxonaga hujum qurbonlari xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi.

Boshqa mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning munosabatlari

Misr shifoxonaga hujumda Isroilni aybladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi voqeani keskin qoralashini va Qohira “tinch aholini qasddan bombardimon qilishni xalqaro, insonparvarlik qonunlari va insoniyatning eng asosiy qadriyatlarini jiddiy buzish” deb hisoblashini qayd etgan.

“Misr Isroilni G‘azo sektoridagi odamlarga qarshi kollektiv jazolash siyosatini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi”, — deyiladi Misr Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti G‘azo sektoridagi shifoxonada sodir bo‘lgan portlashni qoralab chiqdi va Falastin anklavidagi tinch aholi va sog‘liqni saqlash tizimini zudlik bilan himoya qilishni talab qildi.

“JSST Al Ahli Arab kasalxonasiga qilingan hujumni keskin qoralaydi”, deb yozdi tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus o‘zining Twitter`dagi sahifasida.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bu zarbani “eng asosiy insoniy qadriyatlardan mahrum bo‘lishning so‘nggi misoli”, — deb atadi.

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel G‘azodagi fuqarolik infratuzilmasini nishonga olish xalqaro qonunlarni buzish ekanini ta’kidladi.

Arab Ligasi tashkiloti bosh kotibi Ahmad Abul Geyt G‘arb yetakchilarini bu fojiani zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, “arab mexanizmlari bu urush jinoyatlarini hujjatlashtiradi va jinoyatchilar bu ishlaridan qochib qutula olmaydi”, — dedi.

Rossiya va BAA G‘azodagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum sabab 18-oktabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirishni talab qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi voqeani “dahshatli zo‘ravonlik” deb atadi. “Buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Namoyishlar

Voqeadan so‘ng darhol Yaqin Sharqning bir qancha davlatlarida, xususan, Turkiya, Iordaniya, Misr, Tunis, Suriya, Livan, Yaman va Eronda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar Iordan daryosining G‘arbiy sohilida ham bo‘lib o‘tdi. Bir qator holatlarda namoyishchilar Isroil elchixonalari yaqinida to‘plandi.

Baydenning tashrifi va bekor qilingan sammit

Iordaniya AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Misr va Falastin rahbarlari ishtirokidagi to‘rt tomonlama sammitni bekor qildi. Bu haqda Al Jazeera telekanali Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyga tayanib xabar berdi. Sammit 18-oktabr kuni Iordaniya poytaxti Ammon shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Avvalroq Falastin rahbari Mahmud Abbos kasalxonaga zarba berilgani haqidagi xabardan so‘ng AQSh rahbari bilan uchrashuvdan bosh tortgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilga uchib ketdi. Bayden Isroil rahbariyati bilan uchrashib, HAMAS bilan davom etayotgan urushni muhokama qilishi kutilmoqda.

Halok bo‘lganlar soni

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, HAMASning Isroilga hujumlari oqibatida 1400 nafardan ortiq odam o‘lgan. Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlarida 3000 nafarga yaqin falastinlik halok bo‘lgan.