Andijon viloyatidagi paxta qabul qilish joyida paxta xirmonida yong‘in sodir bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Unda bir uyum paxta xirmoni yonayotgani va yong‘in boshqa xirmonga ham o‘tganini ko‘rish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Aniqlanishicha, yong‘in 16-oktabr kuni, Baliqchi tumani “Nasriddinobod” MFYda joylashgan “Tetratex” MCHJga qarashli paxta qabul qilish maskanida sodir bo‘lgan.

Vazirlikning yozishicha, yong‘in oqibatida 12 kg paxta xom-ashyosi yonib ketgan. Yong‘in elektr kabellaridagi nosozlik tufayli qisqa tutashuv kelib chiqishi natijasida yuzaga kelgan.

“Yong‘in oqibatida Andijon-36 navli 1 sort 2 sinfga kiruvchi paxtaning yuza qismi yongan, „Tetratex“ MCHJ rahbari tomonidan tadbirkorga mahsulotga yetkazilgan zarar aniqlanib, to‘liq qoplab berilgan”, — deyiladi rasmiy munosabatda.