Bahorda “Gazeta.uz” 2019-yilda Qibray tumanida 13 yoshli qizning qo‘shnisi tomonidan zo‘rlangani haqida Nemolchi.uz loyihasining maqolasini e’lon qilgandi. Jinoyat sodir etilgan vaqtda 27 yoshli Sharipov Sh. oddiy fuqaro bo‘lgan, keyinchalik u Milliy gvardiyaning “Qo‘riqlash” boshqarmasida oddiy askar bo‘lib ishga kirgan.

Avgust oyi boshida ish sudga oshgani xabar qilingandi. Oliy sud matbuot xizmati xabar qilishicha, erkakka nisbatan sud hukmi o‘qilgan.

Qayd etilishicha, 2023-yil 18-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudida Sh. Sh. (1993-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Qibray tumani Qo‘riqlash bo‘limi safdor-xodimi, jinoyat sodir etilgan paytda ishsiz bo‘lgan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining sudyasi J. Xojayev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Sh. Sh. Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismida (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Voqeaning to‘liq tafsiloti bilan aprel oyida e’lon qilingan maqolada tanishishingiz mumkin.