Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali yuzasidan muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tuzilmoqda. Bu haqda 17-oktabr kuni Samarqandda o‘tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasidagi tadbirlarda qatnashayotgan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Hokim kanal qurilishining viloyatga ta’siri borasida gapirarkan, u O‘zbekiston emas, Tojikiston chegarasidan qurilayotgani, shunday bo‘lsada barchaga birdek ta’sir qilishini ta’kidladi.

“Hozircha ular [Afg‘oniston tomoni] kanalni ochgani yo‘q, kecha ko‘rsatganlari bu sizot (yerostidan sizib chiqadigan suv — tahr.) suvlari edi. Daryoda qurilish ishlarini to‘liq amalga oshirib bo‘lishmagan. Biroq, xohlaymizmi, yo‘qmi, suv [hajmi]ga ta’siri qiladi, kamayishiga olib keladi. O‘zlashtirish uchun hali yillar kerak, kanalni qurishning o‘zi bo‘lmaydi. Kanalni qaziganda mutaxassislar bilan qilish kerak. Ular hali yerni o‘zlashtirgani yo‘q, yer o‘zlashtirilib, suvni ishlatish joyi bo‘lishi kerak. O‘zlashtirish ham katta mablag‘ talab qiladi. Biz suvning boshidamiz, hammaga ta’siri bo‘ladi, albatta. Ungacha [masala] hukumatlararo [darajada] ko‘rib chiqiladi”, — dedi Ulug‘bek Qosimov.

Viloyat hokimi holatni o‘rganish maqsadida prezident topshirig‘i bilan hukumat delegatsiyasi tuzilayotganini, unda o‘zi ham borligini ma’lum qildi.

“Borsak, bu masalani [suv taqsimotini], albatta, ko‘taramiz. Hozir qachon borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, ularga xatlar yuborilgan, [tashrif] bir-bir yarim oy ichida bo‘lib qoladi”, — dedi u.

Ulug‘bek Qosimovning qo‘shimcha qilishicha, boshqa kichik masalalar hozirgacha Surxondaryo va Balx viloyatlari rahbarlari darajasida hal etib kelinmoqda.

“Balx viloyati bilan Surxondaryo viloyati ishchi guruhlari oyiga 2−3 marta uchrashib turadi. Hukumat darajasiga olib chiqilmaydigan barcha kichkina hamda chegaradan o‘tish va qaytishdagi masalalarni joyida bartaraf qilamiz. Bilasiz, savdo-cotiqning asosiysi Hayratonda bo‘ladi. Dunyodagi hozirgi vaziyatdan keyin u yerda savdo ancha rivojlanib qolgan”, — deya qo‘shimcha qildi viloyat rahbari.

Qo‘shtepa kanali Balx viloyatining Kaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyatidan o‘tib, Faryob viloyatining Andxoy tumanigacha yetib boradi. Uning uzunligi 280 kilometrni, eni esa 100 metrni tashkil etadi.

2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston suv vaziri Shavkat Xamrayev Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston Amudaryodan qancha suv olishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Afg‘oniston Qo‘shtepa kanali orqali 600 ming gektar yerni sug‘ormoqchi ekani haqidagi gaplar esa asossiz. Vazir Shavkat Xamrayevning aytishicha, “Tolibon” taxminan 300 ming gektarni sug‘ormoqchi, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetadi. O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intiladi.

Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida mazkur kanal haqida gapirar ekan, “Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi”, — dedi.

Kanalning ishga tushirilishi “Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin”, deb ta’kidladi va kanal qurilishining barcha jihatlarini va uning Amudaryoning suv rejimiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga chaqirdi.

12-oktabr kuni Qo‘shtepa kanali qurilishining 2-bosqichiga start berildi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan “Tolibon” rasmiylari mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekistondan Qo‘shtepa kanali qurilishi bo‘yicha tashvishlanmaslikni so‘radi. Ular Afg‘oniston mintaqaviy muammolarni diplomatik aloqalar orqali hal qilishga tayyorligini bildirdi.