O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktabr kuni “Yashil makon” milliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda daraxtlarning ahamiyati, ularni nomiga ekishga yo‘l qo‘yish kerak emasligi haqida gapirdi.

“„Yashil makon“ nomiga emas, o‘zimizning hayotimiz, o‘pkamiz tozaligiga, jamiyatimizga, salomatligimizga, kerak bo‘lsa g‘ururimizga kerak. „Yashil makon“ millatimizga, mamlakatimizga, ertangi kunimizga kerak. Kimdir kelib O‘zbekistondagi ekologiyamizni to‘g‘rilab bermaydi. Kimdir kelib mahallamizga, Orol dengizini qurigan tubiga daraxt ekib bermaydi, hech qachon. Temir intizom va o‘zimizning mehnatimiz natijasida pirovard maqsadga erishamiz”, — dedi u (O‘zbekiston 24 telekanalining “Menimcha” dasturidan iqtibos).

Har bir xonadon bir yilda ikkitagina, tashkilot esa o‘ntagina ko‘chat eksin, dedi prezident.

“Men hurmat qiladigan va ishonadigan mahalla raislari bu masalaga jonkuyar bo‘lishlari kerak. Har bir xonadon yiliga ikkitagina daraxt eksin, har bir tashkilot o‘ntagina daraxt eksin. Hamma o‘rnak bo‘lishi kerak. Bu masalaga jamiyatda hech kim befarq bo‘lmasligi kerak. Shunday muhit yaratishimiz kerakki, daraxtga bo‘lgan munosabat uyimizdan, oilamizdan, nevaramizdan, farzandimizdan, jamiyatimizdan, mahallamizdan boshlasak, o‘ylaymanki, yutuq, natija biz kutgandek bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident tashabbusi bilan 2021-yil noyabr oyidan boshlab har yili 200 million tup daraxt ekish loyihasi amalga oshirilmoqda. 25-oktabrdan 1-dekabrgacha davom etadigan joriy kuz mavsumida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Toshkent shahridagi mahallalardan biriga ko‘chat o‘tqazdi.

Prezident o‘tgan yillardagi xatolarni takrorlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. “Gazeta.uz” davlat rahbarining o‘zi qayta-qayta ta’kidlagan sug‘orish bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish, daraxt navlarini noto‘g‘ri tanlash, parvarish qilinmasligi, shuningdek, millionlab daraxtlarni “ekilgan” sifatida qo‘shib yozish haqida yozgandi.