13-oktabr kuni soat taxminan 22:30da Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, oqibatda piyodalar jarohatlandi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga poytaxt IIB xabar berdi.

“Davlat raqami 80 X 013 RA bo‘lgan Spark avtomashinasini boshqarayotgan 18 yoshli haydovchi Sh. T. (2005-yilda tug‘ilgan) Piyodalar o‘tish joyida boshqaruvni yo‘qotib, uch nafar piyodani urib yubordi”, — deyiladi IIB xabarida. Videoda haydovchi tezlikda qanday xavfli manevr qilganini, shundan so‘ng u tormozlashga uringanini, biroq mashina piyodalar yo‘lagiga chiqib ketganini ko‘rish mumkin.

To‘qnashuv oqibatida uch kishi (Qalampir.uz xabariga ko‘ra, Hindistonning uch nafar fuqarosi), P.X. (1983-yilda tug‘ilgan), I.R. (1983-yil) va X.A. (1978-yil) jarohatlangan. Nashrning yozishicha, P.X. chap boldir suyagi sinishi, I.R. va X.A. bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

Haydovchiga tez yordam xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Boshqarma xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar yo‘q.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, shu kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yana bir Spark haydovchisi piyodalar o‘tish joyida 70 yoshli ayolni urib yuborgani haqida xabar bergandik. Jabrlanuvchi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.