O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni Toshkentda barpo etilayotgan yangi infratuzilma obyektlari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning borishi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Jumladan, u Shayxontohur tumanida “Paxtakor” stadioni yaqinidagi yangi podstansiyani ko‘zdan kechirdi. Loyiha doirasida “Traktorsoz” podstansiyasidan 19 kilometrdan ziyod kabel tortilib, 2 ta transformator o‘rnatildi. Ob’ek kelgusi oyda ishga tushiriladi.

Buning natijasida poytaxt markazida kafolatlangan 130 MVt qo‘shimcha elektr energiyasi hosil bo‘ladi. Shahardagi boshqa podstansiyalarga yuklama kamayib, avariyaviy holatlar ehtimoli 60 foizga qisqaradi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bu yerda Toshkent elektr ta’minoti tizimini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudovning ma’lum qilishicha, ayni paytda yana 5 ta podstansiya qurish va 4 ta podstansiyani ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, ular jami 850 MVt quvvat beradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda, jumladan, poytaxtda yuzaga kelgan energetika inqirozidan keyin 11-mart kuni prezident “Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, 2023-yilda Toshkentning elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan 35 — 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 3,56 trln so‘m kerak bo‘ladi. Yunusobod shahri, Toshkent shahri va boshqa hududlarda yangi podstansiyalar quriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan Shayxontohur tumanidagi obyektlarni qurish va ta’mirlash uchun 361,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.