2021-yilning oktabridan 2023-yilning oktabriga qadar AQShda chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan 13 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi, deb xabar berdi Fox News AQSh bojxona va chegarani himoya qilish xizmatining ichki ma’lumotlariga tayanib.

Atigi ikki yil ichida AQShga Meksika orqali, Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n minglab fuqarolar noqonuniy kirishga harakat qilgan bo‘lib, mamlakat hukumati ularni “alohida qiziqish uyg‘otuvchi shaxslar (special interest aliens) toifasiga kiritgan. Bunday shaxslar terrorizm bilan aloqador yoki aloqasi bo‘lishi ehtimoli bor yo‘nalishlar orqali mamlakatga kirib kelgani sababli AQSh xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘riladi.

Ular orasida:

  • 30 830 nafar Turkiya fuqarolari
  • 15 594 nafar Mavritaniya fuqarolari
  • 13624 nafar O‘zbekiston fuqarolari
  • 6386 nafar Afg‘oniston fuqarolari
  • 3153 nafar Misr fuqarolari
  • 1613 nafar Pokiston fuqarolari.

Chegarada qo‘lga olinganlar orasida Eron (659), Suriya (538), Iordaniya (185), Livan (164), Yaman (139) va Iroq (123) fuqarolari ham bor.

Hibsga olinganlarning qanchasi AQShdan chiqarib yuborilgani yoki immigratsiya bo‘yicha sud muhokamasi sanasi belgilanganidan keyin mamlakatga ruxsat berilgani noma’lum, deya ta’kidlaydi telekanal.

Manbalarning Fox News`ga aytishicha, Chegara xizmati alohida e’tiborni tortadigan shaxslardan “juda xavotirda”, chunki hukumatda ularning jinoyat tarixini tekshirishning “deyarli imkoniyat yo‘q”, zero ularning fuqaroligi bo‘lgan mamlakatlar ma’lumotlarni AQSh bilan baham ko‘rmaydi.

SNN avvalroq Federal qidiruv byurosi Amerika hukumati ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan shaxs yordamida Meksika orqali AQShga kirgan o‘nlab o‘zbekistonlik muhojirlarni qanday tekshirishni boshlagani haqida xabar bergan edi.