“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhkamasi uchun portalga joylandi. Hujjat Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi hamda UNICEF hamkorligida ishlab chiqilgan. “Gazeta.uz” hujjat sharhini taqdim etadi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi 5 ta bob, 49 moddadan iborat. Uni ishlab chiqishda Germaniya, Fransiya, Daniya, Singapur, BAA , Vengriya, Bolgariya, Albaniya, Filippin, Gruziya davlatlari tajribasi o‘rganildi.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organidir. Qolaversa, agentlik qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organi ham hisoblanadi.

Hujjat bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga tarif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash hamda qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslari mustahkamlash taklif etilmoqda.

Zo‘ravonlik shakllari:

  • jismoniy zo‘ravonlik;
  • jinsiy zo‘ravonlik;
  • ruhiy zo‘ravonlik;
  • g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik;
  • majburlash (ekspluatatsiya qilish);
  • zo‘rlik qilish (bulling);
  • kamsitish.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

  • qonunchilik hujjatlari, standartlar, davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • oilalarini mustahkamlash va qo‘llab quvvatlash, ota-onalik ko‘nikmalarini rivojlantirish, bolalarda zo‘ravonlik holatlariga qarshi hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • bolalar uchun xavfsiz va zo‘ravonlikdan xolis bo‘lgan muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • zo‘ravonlikning sabablari hamda shart-sharoitlari bo‘lgan omillarni tahlil qilish, o‘rganish va bartaraf etish;
  • aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot olib borish;
  • bolalarni o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi, shuningdek himoya qilish kafolatlari haqidagi axborot bilan ta’minlash maqsadida axborot-ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish;
  • bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining statistik hisobi va hisobotini yuritish, ularni davlat statistika organlariga taqdim etish hamda zo‘ravonlik holatlarini oldini olish chora-tadbirlarini rejalashtirishda ulardan foydalanish;
  • bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va himoya qilishning samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
  • aybdorlarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir quyidagi yakka tartibdagi chora-tadbirlar belgilanmoqda:

  • profilaktika suhbatini o‘tkazish;
  • bolalarga himoya orderini berish;
  • bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olish;
  • individual himoya rejasini tuzish;
  • zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish;
  • jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun — zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining tegishli davlat organlari va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi, OAVlar, internet, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar xabarlari, davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan ma’lumotlar asos bo‘la oladi.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etish;
  • maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;
  • himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish;
  • yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish;

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar — Vazirlar Mahkamasi, Bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, prokuratura va ichki ishlar organlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlar agentligi, davlat boshqaruv organlari va ta’lim muassasalari, hokimiyatlar, MFY va boshqalardan iborat. Ularning vakolatlari (8−21-moddalarda) aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularni hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda.

Quyidagilar zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar hisoblanadi:

  • yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
  • hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yoxud ta’minlash, tarbiyalash, ta’lim berish va parvarishlash talablariga javob bermaydigan sharoitda bo‘lganlar;
  • ota-onasi yashash joyi bo‘yicha vaqtincha bo‘lmaganda yoki ularning ota-onalik majburiyatini vaqtincha bajara olmasligi davrida vasiy yoki homiy tayinlanmaganlar;
  • nazoratsiz yoki qarovsiz qolganlar;
  • ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lganlar;
  • nogironligi bo‘lganlar, shu jumladan aqliy va jismoniy rivojlanishida muammolari bo‘lganlar;
  • otasi yoki onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) ruhiy asab kasalliklari dispanseri yoxud narkologiya muassasalarida hisobda turganlar;
  • ikkala ota-onasiga yohud biriga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilganlar;
  • otasi yoki onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) Jinoyat kodeksining 118−122−1, 125−1, 126, 126−1, 127, 127−1, 128, 128−1, 129, 130, 130−1, 131, 135, 148−1- moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 188, 188−3 va 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar;
  • g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etganlar;
  • fohishalik bilan shug‘ullanayotganlar;
  • vakolatli organ tomonidan aniqlanadigan boshqa toifadagi bolalar.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, sudlar, jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalar haqidagi faktlar yoki bolalarga nisbatan zo‘ravonlik alomatlari aniqlangan taqdirda bu haqda vakolatli organ — agentlikka hamda tegishli ichki ishlar organlariga darhol xabar qilishi shart.

Ichki ishlar organlari zo‘ravonlik to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rishi hamda bu haqda vakolatli organga xabar berishi shart.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish, maslahat berish, bolalarga zo‘ravonlik holatlarining oldini olish mexanizmlari va chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot olishni ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlaydi. Telefon liniyasi tarmog‘i maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatadi. Ishonch telefoni orqali olingan axborotni oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.

Xavf ostida bo‘lgan bolalar himoya rejasi

Vakolatli organ — murojaat kelib tushgandan keyin zudlik bilan bolaning hayotiy vaziyatini baholaydi. Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf soluvchi omillar aniqlansa, darhol ularni bartaraf qilish choralari ko‘riladi.

Birlamchi baholashdan so‘ng, zo‘ravonlik fakti bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf solmasligi haqida xulosaga kelinsa, vakolatli organ 14 kun ichida jabrlanuvchi yoxud xavf ostida bo‘lgan bolalarning hayotiy vaziyatini kompleks baholaydi. Uning natijasiga ko‘ra, himoya rejasi ishlab chiqiladi.

Bolalarning hayotiy vaziyatini baholash tartibi va mezonlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Himoya rejasi jabrlanuvchiga nisbatan yakka tartibda qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. U jabrlanuvchi (xavf ostidagi) bolalar va ularning qonuniy vakillari hamda davlat organlari vakillari ishtirokida tayyorlanadi.

Himoya rejasini tugatish vaziyat o‘zgarishiga qarab hal etiladi, undan oldin esa monitoring ishlari olib boriladi. Tugatish uchun esa zo‘ravonlik oqibatlari yoki xavf omillari bartaraf etilgani, bolaning 18 yoshga to‘lgani yoki bolaning vafot etgani asos bo‘ladi.

Himoya rejasini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish tartibi hukumat tomonidan belgilanadi.

Himoya orderi

Himoya orderi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi. Zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.

Himoya orderida u rasmiylashtirilgan sana va joy, uni rasmiylashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar; zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining hamda zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, kasbi hamda yashash joyi hamda cheklovlar turlari ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Agentlik zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, uning qonuniy vakili yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsning murojaati yoxud sodir etilgan zo‘ravonlik holati yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida zo‘ravonlik xavfi darajasini baholaydi va natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki himoya orderini berishni rad etadi.

Himoya orderi 30 kungacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Himoya orderini topshirish va ijrosini ta’minlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi. Zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasisha javobgar IIO mansabdor shaxsi himoya orderi kelib tushishi bilan darhol uni ijroga qaratishi shart.

IIO xodimi zo‘ravonga himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabar qiladi. Zo‘ravon himoya orderini olish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan vakolatli organ xodimi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.

Agar jabrlanuvchi hamda zo‘ravon birga o‘qisa yoki ishlasachi? Bu holatda IIO xodimi jabrlanuvchiga himoya orderi berganidan keyin bir ish kuni ichida zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘qish yoki ish joyiga bevosita aloqani taqiqlash bo‘yicha taqdimnoma yuboradi. Bordiyu, zo‘ravon yoki shunga moyil shaxs jabrlanuvchi o‘qiydigan/ishlaydigan tashkilot rahbari bo‘lsa, undan yuqori turuvchi tashkilotga tegishli taqdimnoma kiritiladi.

Taqdimnomani qabul qilib olgan tashkilot rahbari esa 3 ish kunida jabrlanuvchi hamda zo‘ravon yoxud shunga moyili bor shaxs o‘rtasidagi bevosita aloqani bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshiradi.

Agar xavf hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan ko‘pi bilan bir yilgacha muddatga uzaytirilishi mumkin.

Himoya orderini berish yoki himoya orderini berishni yoxud uzaytirishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.

Himoya orderini berish tartibi, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash mezonlari va himoya orderining shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:

  • tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
  • Zo‘ravon va jablanuvchining aloqasini taqiqlash (ish joyi va ta’lim muassasalarida jabrlanuvchi va zo‘ravon bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);
  • jabrlanuvchi va zo‘ravonning bir xonada yoki transport vositasida birga bo‘lishini taqiqlash;
  • zo‘ravonga qurol (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurishni himoya orderi vaqtida yoki belgilangan muddatga cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.

Himoya orderi muddatini uzaytirish davomida sud quyidagi cheklovlarni ham qo‘yishga haqli:

  • zo‘ravonning muayyan joylarga borishini taqiqlash;
  • narkologik kasallikdan ambulatoriya yoki statsionar sharoitlarda davolanish kabi majburiyatlardan birini yoki bir nechtasini zo‘ravon zimmasiga yuklash;
  • zo‘ravonning jabrlanuvchi uy-joy maydonidan yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining o‘qish yoki ish joyiga yoxud u joylashgan boshqa joylarga yaqinlashish huquqini vaqtinchalik cheklash.

Shuningdek, himoya orderida zo‘ravon tomonidan jabrlanuvchining davolash, unga maslahat berish, yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markaz xarajatlari, yetkazilgan moddiy zarar va ma’naviy ziyon o‘rnini qoplash majburiyati kiritilishi shart.

Himoya orderi muddati uzaytirilsa, zo‘ravonga xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tishi to‘g‘risidagi shart majburiy tartibda kiritiladi.

Agarda, himoya orderini berish yo muddatini uzaytirishda jinoyat alomatlari aniqlansa, huquq-tartibot idoralari tomonidan zo‘ravonga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Kompleks yordam ko‘rsatish

Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarga quyidagilarni o‘z ichiga olgan zarur huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatiladi:

  • bola kechirgan ruhiy va jismoniy jarohatning uning kelgusi rivojlanishiga salbiy ta’sirini kamaytirish;
  • hayot sifatini oshirish va psixoemotsional farovonligini ta’minlash;
  • xulq-atvorida og‘ishishlar yoki oila a’zolari, tengdoshlari bilan munosabatlaridagi buzilishlar paydo bo‘lishini oldini olish va (yoki) oqibatlarini tuzatish;
  • sog‘lig‘ini tiklash va mustahkamlash;
  • bolani jamiyatga, shu jumladan, tengdoshlari jamoasi, oilaviy muhitiga reabilitatsiyasi va ijtimoiy moslashuvini yengillashtirish;
  • yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy axborot bilan ta’minlash va huquqiy maslahatlar berish;
  • bolaning vaqtincha xavfsizligini ta’minlash, uning parvarishi va g‘amxo‘rligini amalga oshiradigan shaxsni belgilash;
  • xavfsiz boshpana bilan ta’minlash va boshqalar.

Jabrlanuvchi va xavf ostidagi bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlash maqsadida ularning oila a’zolariga, shu jumladan zo‘ravonga nisbatan xavf omillarini bartaraf etishga qaratilgan oilani mustahkamlovchi va qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlar ko‘rsatiladi.

Bu maqsadda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlardan tegishli soha mutaxassislari jalb etilib quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:

  • zo‘ravondagi emotsional barqarorlikni ta’minlash, ota-onalik salohiyati, mas’uliyati va ko‘nikmalari hamda zo‘ravonlik oqibatlarini anglashi uchun psixologik, pedagogik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
  • oila a’zolarining huquqiy savodxonligini oshirish;
  • zo‘ravonda ruhiy-asab buzilishlar kuzatilganda majburiy tibbiy davolash choralarini ko‘rish;
  • spirtli ichimliklar, giyohvand, psixotrop yoki kuchli ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam iste’mol qiladigan ota-onalarni ixtisoslashtirilgan diagnostika va davolash muassasalarida majburiy davolanishini ta’minlash;
  • zo‘ravonlikka bilvosita ta’sir qilgan iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun oilaning moddiy barqarorligini ta’minlash (ish bilan yoki o‘zini-o‘zi band etish, kasb va hunarga o‘qitish) choralarini ko‘rish.

Zo‘ravonlik sodir etish xavfidan kelib chiqib xavf omillarini bartaraf etish uchun oilani mustahkamlash va qo‘llab quvvatlashga qaratilgan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa chora-tadbirlar ko‘rilishi mumkin.

Bolani ota-onadan olib qo‘yish

Bolaning hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda vakolatli organ bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olish MFY dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.

Bola olinganda vakolatli organ tezda prokurorga xabar berishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va MFY dalolatnomasi tuzilgandan keyin 7 kun ichida ota-onani ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risida sudga da’vo kiritishi shart.

Bolalar olib qo‘yilganda quyidagi joylarga joylashtirilishi mumkin:

  • bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiq sharoit yarata oladigan ota-onaning birinikiga;
  • bolaning qarindoshlarinikiga;
  • bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;
  • vakolatli organda hisobda turgan shaxslarnikiga;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga;
  • bola sog‘lig‘ida muammo bo‘lganda tibbiyot muassasasiga;
  • voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga.

Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.

Sudning ota-onani ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingach, bolaning boshqa joyda yashab turishi muddati himoya rejasida belgilanadi.

Jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash

Qo‘llanilgan jazo chorasidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda o‘ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo‘llanilganligidan qat’i nazar jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Jinsiy zo‘ravonlarning reyestri yuritiladi, ular reyestrda bo‘lgan davrda ichki ishlar organlari tomonidan profilaktik hisobga olinadi.

Reyestrga kiritilgan shaxslar yashash joyi va ish joyini o‘zgartirganda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga xabar berishlari shart.

Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgan barcha shaxsga doir ma’lumotlar shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan qo‘riqlanadi.

Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining shaxsiga doir ma’lumotlari ishonib topshirilgan yoki kasbiy, xizmat va mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan bu ma’lumotlar o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxslar ushbu ma’lumotlarni oshkor etgan yoki oshkor etilishga yo‘l qo‘ygan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmaydi

Ta’lim dasturlari bolalarga nisbatan va bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikni, shu jumladan bullingni oldini olish hamda bolaning qonuniy manfaatlarini mensimaslikni bartaraf etishga ko‘maklashishi kerak.

Ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikni har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha mas’ul shaxslar belgilanadi.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ta’lim muassasasi rahbariyati zo‘ravonlikka olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etishi, ta’lim muassasasida inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan zo‘ravonliksiz munosabatlarni shakllantirishi, xavfsiz va ijobiy psixologik muhitni tashkil etishi va uni ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.

Taklif etilayotgan hujjatga ko‘ra, loyihani qabul qilinishi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi hozircha taklif o‘rnida bo‘lib, jamoatchilik muhokamasi 27-oktabrga qadar davom etadi, shu muddat ichida o‘zingizni fikr-mulohazalaringizni yuborishingiz mumkin. Hujjat qabul qilinishi uchun esa uni Qonunchilik palatasi va Senat qabul qilishi, keyin esa prezident imzolashi kerak.