Mordoviyaning Saransk shahrida giyohvand modda savdosida gumon qilingan 55 yoshli o‘zbekistonlik erkak qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 2023-yilning mart oyida Mordoviya hududida vaqtinchalik ro‘yxatga olingan O‘zbekiston fuqarosi 60 grammdan ortiq marixuana sotib olgani aniqlangan. U giyohvand moddani sotish uchun o‘ramga o‘rab, Saransk shahri Veselovskiy ko‘chasidagi ijaraga olingan xonadonda saqlagan.

Erkak 29-sentabr kuni Saransk bozorlaridan birida tanishiga 4,5 gramm marixuana sotayotganida ushlangan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan uning yashash xonadonidan sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 40 ta o‘ramdagi giyohvandlik moddasi olib qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Saransk shahri bo‘yicha tergovi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi va 228−1-moddasi 1-qismida (giyohvandlik vositalarini noqonuniy sotib olish, saqlash va sotish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

“Izvestiya Mordoviya” nashrining yozishicha, u ko‘p yillar avval O‘zbekiston Ichki ishlar organlarida ishlagan va 2005-yilda ishdan bo‘shatilgan. Bolalari Rossiyada o‘qishi sababli oilasi bilan bu yerga ko‘chib kelganini aytgan.

Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.