Chexiya O‘zbekistonning uran va misiga qiziqish bildirmoqda va buning evaziga texnologiya va tog‘-kon uskunalarini taklif qilishi mumkin. Bu haqda Chexiya bosh vaziri Petr Fiala aytib o‘tdi, deb xabar berdi chex televideniyesi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovnining Chexiyaga tashrifi 10−11-oktabr kunlari bo‘lib o‘tdi.

“Chexiya yuqori sanoatlashgan mamlakat, biz energetika xavfsizligini mustahkamlashga intilamiz. Albatta, bu borada ishonchli yetkazib beruvchilarning qazilma boyliklariga qiziqamiz. Buning evaziga kompaniyalarimiz (O‘zbekistonga — tahr.) texnologiyalar va nou-xau, masalan, qazib olish va qazib olinadigan xomashyoni qayta ishlash sohasida, shuningdek, suv resurslarini boshqarish sohasida taklif berishlari mumkin”, — deya bosh vazirdan iqtibos keltiradi Praga radiosi.

“O‘zbekiston mis, oltin, uran va tabiiy gazning katta zaxiralariga ega. Shunday qilib, ushbu xomashyoni qazib olish chex texnologiyalari va uskunalarini yetkazib berish imkoniyatlarini ochadi”, — deyiladi Chexiya hukumati bayonotida.

Uchrashuvda mudofaa-sanoat sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilindi. “Chexiya kompaniyalari (O‘zbekiston — tahr.) Qurolli kuchlar[i] uchun ishonchli hamkor bo‘lishdan va shu orqali Sovet Ittifoqi davridagi Rossiyada ishlab chiqarilgan harbiy texnikalarga muqobillarni taklif qilishdan manfaatdor”, — deya xabar berdi Chexiya hukumati matbuot xizmati. Petr Fialaning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga mudofaa va xavfsizlik sanoati vakillaridan iborat chexiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasi tashrif buyuradi.

Chexiya bosh vaziri kelgusi yilda Praga va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Ikki davlat hukumat rahbarlari O‘zbekiston va Chexiya hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Qabul qilingan hujjatda har ikki davlat o‘zaro manfaatli sohalarda, jumladan, harbiy-sanoat, iqtisodiy yoki madaniy, shuningdek, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va fan sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani bildirdi. Har ikki davlat Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘shish istagini bayon etdi.

Petr Fiala Abdulla Aripov Chexiya Respublikasiga tashrif buyurgan birinchi O‘zbekiston bosh vaziri ekanini ta’kidladi. “Bu biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilayotganimizdan va munosabatlarimiz yangi dinamika kasb etayotganidan dalolat beradi”, — dedi u.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Chexiyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 800 million yevrodan ortiq bo‘lgan investitsiyaviy va savdo hujjatlari, shuningdek, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Chexiya bosh vaziri Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston prezidenti va bosh vaziri bilan muzokaralar olib borgan va biznes-forumda ishtirok etgandi. Chexiya tomoni uran va mis sotib olish, tramvay, poyezd va samolyotlar yetkazib berishga qiziqish bildirgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni tashkil etish va boshqa masalalar muhokama qilingan.

Joriy yilning iyul va avgust oylarida Uzbekistan Airways Zomin, Zarafshon, Shahrisabz, So‘x va ko‘p yillardan buyon havo qatnovi bo‘lmagan boshqa shaharlarga parvozlarni amalga oshirish uchun ikkita yengil L-410 samolyotini olgan.

O‘zbekiston bosh vazirining Chexiyaga bu galgi tashrifi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Škoda Group o‘rtasida 320 mln yevrolik 30 ta elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Abdulla Aripov buni O‘zbekiston temir yo‘llari sohasi uchun inqilobiy deb atadi. Kelgusi yildan past polli harakat tarkiblarini ishlab chiqarish boshlanadi.