12-oktabr kuni O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotida muqobil ko‘p tilli guruhlar ochildi. Marosimda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian hamda UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade qatnashdi.

O‘nta ko‘p tilli muqobil guruh Termiz shahridan tashqari Termiz va Muzrabot tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham ochildi.

Bu UNICEF dasturi asosida surxondaryolik minglab bolalarni kengaytirilgan va inklyuziv ta’lim bilan qamrab olish maqsadida amalga oshirildi. Unga Yevropa Ittifoqi 1,6 mln yevro moliyaviy yordam ko‘rsatdi. 35 mingga yaqin bolalar, yoshlar va qiyin ahvolda bo‘lgan oilalar, jumladan, ushbu viloyatda yashayotgan afg‘onistinliklar yaxshilangan ijtimoiy, jumladan, ta’lim sohasidagi, xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi, deyiladi xabarda.

“Ayni paytda yordamga muhtoj oilalarning 400 nafardan ortiq 3−6 yoshli farzandlari, jumladan, viloyatda yashovchi afg‘on bolalari ko‘p tilli muqobil guruhlarga qatnay boshladi. Barcha guruhlar sifatli mebel, o‘yinchoqlar, o‘quv materiallari, bolalar kutubxonasi va boshqa ko‘plab o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanib, bolalarning bilim olishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Inklyuziv ta’lim uchun shart-sharoitlar yaratish, jumladan, suv, sanitariya va gigiyena tizimlari bilan bir qatorda, jahon darajasidagi tegishli ilg‘or tajribalar darajasida ko‘p tilli ta’limning yangi modeli joriy etildi”, deyiladi YUNICYeF xabarida.

Shuningdek, Sharlotta Adrian va Munir Mamedzade darslarni o‘zlashtirishda orqada qolayotgan o‘quvchilarni, jumladan, Surxondaryo viloyatida yashovchi afg‘on bolalarini o‘qitish hamda ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirayotgan maktabga bordi.

Tashkilot xabariga ko‘ra, maktabga bormaydigan bolalarga ta’lim tizimi xizmatlaridan foydalanish imkoni berildi. Dastur ijtimoiy-emotsional ta’lim berish va inklyuziyaga qaratilgan. Natijada 210 nafardan ortiq afg‘onistonlik bola Termiz maktablaridagi qo‘shimcha darslarda ishtirok etib, doimiy ko‘mak olmoqda.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan dastur doirasida o‘qituvchilar darsga qatnashmaslik yoki maktabda o‘qitish tilini yaxshi bilmaslik tufayli o‘zlashtirishda ortda qolayotgan bolalarni o‘qitishning turli strategiyalarini o‘rgandi. Barcha bolalarning ta’lim natijalari yaxshilanishi kutilmoqda.